AsosiyJamiyat

Ertaga O`zbekiston Prezidenti raisligida MDH sammiti bo`lib o`tadi

'Ertaga O`zbekiston Prezidenti raisligida MDH sammiti bo`lib o`tadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 18 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisi bo`lib o`tadi.

Sammit kun tartibidan MDH doirasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning barcha yo`nalishlarida, shuningdek, yangi xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish sohasida ko`p qirrali munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollarini baholash masalalari o`rin olgan.

Davlatimiz rahbari o`z nutqida Hamdo`stlikning uzoq muddatli vazifalari borasida O`zbekiston Respublikasi nuqtai nazarini taqdim etishi va amaliy sheriklikni kengaytirishga doir aniq takliflarni ilgari surishi kutilmoqda.

Majlisda delegasiyalar rahbarlari MDHni 2030 yilgacha bo`lgan muddatda yanada rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini va uni amalga oshirish rejasini ko`rib chiqadilar. Ushbu hujjatlarda hamkorlikning yaqin va o`rta muddatli istiqboldagi strategik maqsadlari va asosiy tadbirlari belgilangan.

Uchrashuv yakunida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga asos solinganining 75 yilligi munosabati bilan hamda xalqaro axborot xavfsizligini ta`minlash sohasida hamkorlik to`g`risidagi qo`shma bayonotlar, shuningdek, Hamdo`stlik faoliyatining turli jihatlariga doir, shu jumladan, 2021 yilda Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi o`tkazish joyi to`g`risidagi qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ta`kidlash joiz, joriy yilda O`zbekiston MDHga raislik qilishdek mas`uliyatli vazifani ilk bor o`z zimmasiga olgan edi.

Pandemiya bilan bog`liq murakkab sharoitlarga qaramay, mamlakatimizning Hamdo`stlikka raisligi konsepsiyasi to`liq hajmda amalga oshirildi.

Hukumat rahbarlari kengashi, Iqtisodiy kengash, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, MDHning boshqa ustav va tarmoq organlarining majlislari muvaffaqiyatli o`tkazildi.

Qator muhim hujjatlar, jumladan, 2030 yilgacha muddatga mo`ljallangan Iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi, Transport sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari, turizm, sport va yoshlarga oid siyosat sohalarida hamkorlik strategiyalari va boshqalar qabul qilindi.

Umuman, 60 ga yaqin ko`p tomonlama tadbir o`tkazildi, Hamdo`stlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qiladigan 70 dan ziyod hujjat qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar