AsosiyJamiyat

Hokimlarning qonunchilikka zid 50 ga yaqin qarori bekor qilindi, 32 nafar mansabdor lavozimidan olindi — Senat raisi

'Hokimlarning qonunchilikka zid 50 ga yaqin qarori bekor qilindi, 32 nafar mansabdor lavozimidan olindi — Senat raisi'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining o`ninchi yalpi majlisi bo`lib o`tmoqda. Unda Senat Raisi Tanzila Narbaeva yakunlanayotgan yil mobaynida parlament yuqori palatasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarga urg`u berdi.

– Mahalliy Kengashlar faoliyatiga ko`maklashish yo`nalishida 13 ta qonunga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi, 40 dan ziyod farmon va qarorlar qabul qilinib, mahalliy Kengashlarning vakolatlari kengaytirildi, – dedi Senat Raisi T.Narbaeva. – Ilgari deputatlar har 4-5 oyda, asosan tashkiliy masalalar yuzasidan o`tkaziladigan sessiyalarga nomiga, rasmiyatchilik uchungina kelib-ketgan bo`lsa, endilikda hududdagi dolzarb muammolarni ko`tarib chiqmoqda. Xususan, hokimlarning amaldagi qonunchilikka zid bo`lgan 50 ga yaqin qarori bekor qilingan. Mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko`rish bo`yicha mutasaddi idoralarga mingga yaqin taklif kiritilgan, shu jumladan, 32 nafar mansabdor shaxsni egallab turgan lavozimidan ozod etish masalasi qo`yilgan.

O`z navbatida Senatning mahalliy Kengashlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ sifatidagi rolini yanada kuchaytirish maqsadida Senatga mahalliy Kengashlarning qonun hujjatlariga zid bo`lgan qarorlarini bekor qilish vakolati berilmoqda.  Bundan tashqari, yaqinda qonunchilikka kiritilgan qo`shimchalar orqali barcha darajadagi mahalliy Kengashlarda alohida kotibiyatlar tashkil etildi. Ishonamizki, yangi tashkil etilgan kotibiyatlar bu borada mahalliy Kengashlarning tom ma`nodagi haqiqiy ishchi organiga aylanadi va kelgusida ular faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarishga xizmat qiladi.

Yana bir jihat. Fuqarolarning murojaatlari bilan bir qatorda, OAV, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda, qolaversa, jurnalistlar, blogerlar, fuqarolar, umuman olganda, keng jamoatchik ko`tarayotgan dolzarb masalalar keng ko`lamdagi parlament nazorati tadbirlariga asos bo`lmoqda. Xususan, bevosita fuqarolar murojaatlari asosida “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish, halokat tufayli zarar ko`rgan aholi va tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash borasidagi ishlar holati bevosita joyiga chiqib o`rganildi. O`rganish natijalari Senat Kengashining Sirdaryoda o`tkazilgan sayyor majlisida Hukumat a`zolari ishtirokida muhokama qilinib, ko`pgina masalalar hal etilgandi.

    Boshqa yangiliklar