AsosiyJamiyat

Rasman! "Fara"lar mash-mashasiga chek qo`yildi. Faqat...

'Rasman! "Fara"lar mash-mashasiga chek qo`yildi. Faqat...'ning rasmi

Joriy yilning 17 dekabr sanasida keng jamoatchilikning fikrini inobatga olgan holda, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o`zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba`zilarini o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblash to`g`risida”gi 796-son qarori qabul qilindi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati ma`lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori asosida barcha avtomototransport vositalari uchun yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanish talabi bekor qilindi.

Endilikda mazkur talab faqatgina quyidagi 6 ta holat bo`yicha majburiy etib belgilandi:

- transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;

- yo`lovchilarni tashiyotgan avtobus va yo`nalishli transport vositalarida;

- bolalar guruhini tashkiliy tashishda;

- xavfli, katta o`lchamli va og`ir vaznli yuklarni tashishda;

- mexanik transport vositalarini shatakka olishda;

- motosikl va mopedlarda.

Ushbu talablar yo`llarda harakat xavfsizligini ta`minlashga, shuningdek, yo`l harakati ishtirokchilarining hayoti va sog`lig`ini asrashga xizmat qiladi.

 

    Boshqa yangiliklar