Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari bilan mamlakatda qonun ustuvorligini ta`minlash, fuqarolarning konstitusiyaviy huquqlarini ro`yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirishda odil sudlov alohida o`rin tutishini e`tiborga olgan holda, keyingi to`rt yilda sud-huquq sohasi izchillik bilan isloh qilinmoqda.
Sud-huquq sohasida yillar davomida echim topmagan muammoli masalalarni hal qilish borasida o`ndan ortiq Prezident farmonlari va qarorlari hamda parlament tomonidan odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta kodeks yangidan qabul qilinib, qator qonunlarga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi.
Sudlar ixtisoslashtirildi, tariximizda ilk marotaba davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining g`ayriqonuniy qarorlari va hatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasidagi konstitusiyaviy huquqni amalga oshirishni ta`minlash maqsadida, Oliy sudda ma`muriy ishlar bo`yicha sudlov hay`ati, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman, shaharlarda ma`muriy sudlar tashkil etildi. Bu tizim qisqa muddatlarda o`z natijasini bera boshladi.
Sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko`rib chiqishning amaldagi tizimini takomillashtirish ishi davom etmoqda. 2017 yilga qadar oltita sud instansiyasida sud qarorlari qayta ko`rib chiqilgan bo`lsa, mana uch yildirki, bu instansiyalar soni to`rttaga keltirildi.
Mazkur islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2020 yil 19 dekabr kuni bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`ninchi yalpi majlisida sud qarorlarini qayta ko`rishning prosessual tartibi takomillashtirishlishi munosabati bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi, Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi hamda Jinoyat, Iqtisodiy va Fuqarolik prosessual kodekslariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi qonunlar ma`qullandi.
Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samararadorligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmonining ijrosini ta`minlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonunlar sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko`rib chiqish tartibini ilg`or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyasiya va kassasiya instansiyalarini isloh qilishni, nazorat tartibida ish yuritish institutini bekor qilishni nazarda tutadi.
Ushbu qonunlar bilan ishlarni ko`rib chiqilishida bir-birini takrorlovchi instansiyalar bekor qilinib, “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etilmoqda. Unga ko`ra xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi:
- birinchi instansiya (tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar bo`yicha – viloyat sudlari);
- apellyasiya instansiya (viloyat darajasidagi sudlar);
- kassasiya instansiyasi (Oliy sud) sudlari yaratiladi.
Sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini to`liq ta`minlashga to`sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etish maqsadidaprokuror ishtiroki bilan bog`liq normalar xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilib, amalda mavjud bo`lgan taraflarning shikoyati va prokurorning protestini ko`rib chiqishning farqli normalari bekor qilinmoqda. Barcha instansiya sudlariga murojaat qilishda prokurorning boshqa taraflar bilan teng, bir xil huquq va majburiyatlarga ega hamda uning protesti taraflarning shikoyati bilan bir xil huquqiy maqomga ega ekanligi to`g`risidagi normalar kiritilmoqda.
Amaldagi qonunga ko`ra apellyasiya va kassasiya instansiyasi sudlari bir xil vazifani bajarib birinchi instansiya sudlarining qarorlarini qayta ko`rib chiqadilar. Ular o`rtasidagi farq faqat biri qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni, ikkinchisi esa qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko`rishdadir. Bunday amaliyot bironta rivojlangan davlatda mavjud emas.
Senat tomonidan ma`qullangan qonunlarga ko`ra, apellyasiya instansiyasi sudi qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni, apellyasiya instansiyasida ko`rib chiqilgan ishlarni esa kassasiyada ko`rib chiqish tartibi belgilanmoqda.
Amaldagi barcha prosessual kodekslarning talabiga ko`ra, apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko`rilgan ishlargina nazorat tartibida ko`rilishi mumkin.
Ya`ni, ish nazorat tartibida ko`rilishidan oldin albatta apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko`rilgan bo`lishi shart, shuningdek amalda ham apellyasiya yoki kassasiya tartibida shikoyat qilishning muddatlari belgilangan. Taklif etilayotgan qonunlarda bu muddatlar yanada ko`paytirilmoqda.
Jumladan, Jinoyat-prosessual kodeksida birinchi instansiya sudining hukmi va ajrimi ustidan apellyasiya tartibida shikoyat berish muddati 10 kundan 20 kunga, fuqarolik, ma`muriy va iqtisodiy ishlar bo`yicha apellyasiya shikoyatlarini berish muddatlari 20 kundan 1 oyga qadar uzaytirilmoqda.
Bundan tashqari, apellyasiya tartibida shikoyat berishning o`tkazib yuborilgan muddatlarini tiklash asoslari kengaytirilmoqda. Xuddi shuningdek, kassasiya tartibida shikoyat berish muddatlari amaldagi 6 oydan farqli ravishda 1 yil etib belgilanmoqda.
E`tiborlisi, tiklanishi mumkin bo`lgan muddatga chegara mavjud emas, taraflar har qancha muddat o`tganidan keyin ham o`tkazib yuborilgan muddatni tiklash to`g`risida sudga murojaat qilish huquqi saqlanib qolmoqda.
Barcha prosessual kodekslarda sud qarorlarini yangi ochilgan holatlarga ko`ra ko`rib chiqish tartibi nazarda tutilgan. Jinoyat prosessual kodeksiga kiritilayotgan o`zgartishlarga ko`ra faqat prokuror emas, balki boshqa manfaatdor fuqarolar ham Oliy sudga apellyasiya tartibida shikoyat qilinmagan sud hukmlarini yangidan ochilgan holatlarga ko`ra qayta ko`rib chiqish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo`yilmoqda. Bu shaxsning qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortilgan va sudlangan holatlar mavjud deb hisoblangan holda to`g`ridan-to`g`ri Oliy sudga murojaat qilib, ishning qayta ko`rib chiqilishini kafolatlaydi.
Amaldagi tartibga ko`ra, sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatni Oliy sudda ko`rilishiga erishish uchun yillab vaqt kerak bo`lar edi. Yangi o`rnatilayotgan tartib esa birinchi instansiya sudida ko`rilgan ishning bir-ikki oy ichida apellyasiya tartibida ko`rilishini, ko`pi bilan uch-to`rt oy ichida ish Oliy sudda ko`rilishiga erishish imkonini beradi. Bu o`z navbatida qabul qilingan sud qarorlarining qisqa muddatlarda ijro etilib, jabrlanuvchi, da`vogar va ishdagi boshqa taraflarning buzilgan huquqlarini qisqa muddatlarda tiklash imkonini beradi.
Shu ham qayd qilish kerakki, amalda mavjud bo`lgan shikoyatni sudlov hay`atida ko`rib chiqish masalasini yakka sudya tomonidan hal qilish amaliyotiga chek qo`yilib, shikoyat to`g`ridan-to`g`ri kassasiya instansiyasi sudida ko`rib chiqilishi belgilanmoqda.
Mazkur o`zgartirishlar fuqarolarni ortiq ovoragarchiliklarini oldini oladi, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga, sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini to`liq ta`minlashga, fuqarolar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo`lishini ta`minlashga, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo`yicha xalqaror reytinglarda mamlakatimiz nufuzi oshishiga xizmat qiladi.
Sud qarorlarini qayta ko`rish masalasidagi xalqaro standartlar talablarini (Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro paktning 14-moddasi 5-bandi) prosessual qonunchiligiga implementasiya qilinishiga, sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo`yicha xalqaror reytinglarda (Huquq ustuvorligi indeksi, “Doing business”, Iqtisodiy erkinlik indeksining Sud faoliyati samaradorligi, Global raqobatbardoshlik indeksining Sudlar mustaqilligi indikatorlarida) mamlakatimiz nufuzi oshishiga xizmat qiladi.






