Toshkent shahrining Istiqlol ko`chasida muhtasham Yangi yil archasi o`rnatildi. Bu erda bolajonlar uchun ko`ngilochar o`yingoh ham ishga tushirildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligining rasmiy kanalida ma`lum qilindi.
"Hurmatli Toshkent shahri aholisi va mehmonlari!
Yangi yil bayram tadbirlarini ko`tarinki ruhda tashkil etish, aholimizga madaniy xordiq uchun sharoitlar yaratish maqsadida 20 dekabrdan poytaxtimizning Istiqlol ko`chasida (O`zbekiston milliy kutubxonasi yaqinida) muhtasham archa o`rnatildi va bolajonlar uchun o`yingohlari ishga tushirildi.
E`tiborli jihati, bu yil archada musiqa sadolari ostida tovlanuvchi chiroqlarni emas, balki RGB ekranda qiziqarli namoyishlarni ko`rasiz.
Maydon esa oq va ko`k rangli chiroqlar bilan bezatilgan. Kun davomida estrada yulduzlari ishtirokida konsertlar, shou dasturlar va sirk namoyishlarini ko`rish mumkin bo`ladi.
Bayram tadbirlari 2021 yilning 10 yanvariga qadar har kuni soat 10:00dan kechki 22:00 gacha davom etadi.
Bayram tadbirlarida karantin qoidalariga rioya qilishni unutmang", deyiladi xabarda.






