AsosiyJamiyat

O`zbekiston Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini ta`mirlashda Afg`onistonga ko`maklashadi

'O`zbekiston Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini ta`mirlashda Afg`onistonga ko`maklashadi'ning rasmi

Joriy yil 14-16 dekabr kunlari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug`appor Qirg`izboev rahbarligidagi delegasiyaning Afg`oniston Islom Respublikasiga safari amalga oshirilib, afg`on matbuotida ushbu tashrif tafsilotlariga bag`ishlangan maqolalar chop etildi.

Xususan, “Bakhtar News” axborot agentligining internet sahifasida O`zbekiston va Afg`oniston o`rtasida madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish bo`yicha ikki tomonlama amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlarga bag`ishlangan maqolada aytilishicha, Afg`oniston axborot va madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Tohir Zuhayr O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev bilan birgalikda Qobuldagi Zahiriddin Muhammad Bobur bog`-muzeyiga tashrif buyurgan.

Bundan tashqari, O`zbekiston delegasiyasi o`zaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va Alisher Navoiy maqbarasini ta`mirlash ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Hirot shahrida bo`lgan.

O`zbekiston delegasiyasi rahbari mamlakatimiz Alisher Navoiy maqbarasini ta`mirlash va uning atrofini obodonlashtirish bo`yicha Afg`onistonning mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Shu o`rinda 2021 yil Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyi O`zbekistonda keng miqyosda nishonlanishi ma`lum qilingan.

Shu o`rinda, O`zbekiston Respublikasi Afg`onistondagi tinchlik jarayonini hamda mamlakatda barqaror tinchlik o`rnatish bo`yicha barcha olib borilayotgan sa`y-harakatlarni qo`llab-quvvatlashi bildirilgan.

O`z navbatida, Afg`oniston axborot va madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Tohir Zuhayr O`zbekistonning ushbu jarayonlardagi muhim rolini ta`kidlab, Afg`oniston xalqi va hukumati O`zbekiston bilan barcha sohalarda, jumladan madaniy sohada hamkorlik aloqalarini kun sayin kengayib borishidan manfaatdor ekanini bildirdi”, - deyiladi maqolada.

Shuningdek, maqolada Afg`oniston tarixiy obidalarni qayta tiklash, xususan, Islom davri obidalarini ta`mirlashda O`zbekiston bilan hamkorlik o`rnatishga qiziqish bildirgani ham ta`kidlangan.

Afg`onistonda ingliz tilida bosiladigan «Daily Outlook Afghanistan» gazetasida chop etilgan boshqa bir xabarda esa O`zbekiston buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini ta`mirlashda Afg`onistonga yordam berishi aytiladi.

“O`zbekiston delegasiyasi a`zolari Afg`onistonning Hirot shahriga safari davomida buyuk faylasuf, shoir va adib Alisher Navoiy maqbarasini ta`mirlashni rejalashtirilayotganini ta`kidlashdi.

Delegasiyaning mazkur tashrifi davomida Alisher Navoiy qoldirgan shoh asarlar Afg`oniston va O`zbekiston xalqlarining mushtarak madaniy merosi ekani va bu meros ikki davlatni bir-biri bilan bog`lab turuvchi ko`prikligiga alohida urg`u berilgan.

Shuningdek, Afg`oniston axborot va madaniyat vazirligi rahbariyati Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyini O`zbekiston tomoni bilan birgalikda nishonlashga tayyorligini bildirdi”, - deyiladi «Daily Outlook Afghanistan» tarqatgan xabarda.

    Boshqa yangiliklar