O`tgan bir hafta davomida odamlarning diqqat markazida “Baron” filmi bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Buni Alisher Navoiy nomli kinosaroyiga filmini tomosha qilishga tashrif buyurgan muxlislar sonidan ham bilish mumkin.
Alisher Navoiy nomli kinosaroy matbuot xizmatining xabar berishicha, 21 dan 27 yanvarga qadar ushbu filmni tomosha qilganlar soni 32 449 tani tashkil qildi.
“Baron”ni ko`rishga kelib, joy topa olmay ketganlarning internetda tarqalayotgan fikrlari filmga bo`lgan qiziqishni yanada orttirmoqda.
Chipta narxi 10 ming so`m ekanligini inobatga olsak, bir haftada “Baron”ga 324 million so`mlik chipta sotilganini guvohi bo`lishimiz mumkin. Darvoqe, “Baron” filmning byudjeti 1,5 milliard so`mni tashkil qiladi.
Muxlislarning talablariga binoan “Baron”ni ko`rish istagida bo`lgan tomoshabinlarning ko`pligini inobatga olgan holda biroz muddat boshqa filmlarning namoyishi to`xtatildi. Hozirgi kunda saroyimiz kassalarida “Demak sevasan”, “Qaysarginam”, “Dadam bilmasin” filmlariga chiptalar sotilmoqda.
O`tgan haftadagi holatlarni tahlil qilgan holda haftaning dam olish kunlari “Baron” filmini ko`rish istagida kelganlar soni yana ko`payishi kutilmoqda. Bunday hollarda saroyning barcha zallarida faqat “Baron” ning namoyishi bo`lib o`tishi taxmin qilinmoqda.





