AsosiyJamiyat

"Xayfsan berildi". Buxoro shahar prokurori ustidan olib borilgan tekshiruv natijalari e`lon qilindi

'"Xayfsan berildi". Buxoro shahar prokurori ustidan olib borilgan tekshiruv natijalari e`lon qilindi'ning rasmi

So`nggi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning videomurojaatlari keng muhokama qilindi.

Avvalroq, Bosh prokuratura tomonidan Buxoro shahridagi tadbirkorning Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning xatti-harakatlaridan norozi bo`lib yozgan arizasi yuzasidan xizmat tekshiruvi o`tkazilayotganligi haqida rasmiy bayonot berilgan.  

Shundan so`ng Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning murojaati yuzasidan Respublika idoralararo komissiyasi tuzilgan edi.  

Ayni paytda mazkur ish yuzasidan rasmiy bayonot bergan Bosh prokuratura xabariga ko`ra, tekshiruvning xolisona va adolatli o`tkazilishini ta`minlash, ish holatlariga to`liq oydinlik kiritish, har qanday aralashuv va ta`sirlarning oldini olish maqsadida Buxoro shahar prokurori J.Fozilov 2020 yil 2 dekabr kuni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha chetlashtirilgan edi.

Xizmat tekshiruvi yakunlanganligi munosabati bilan Bosh prokurorning buyrug`iga asosan J.Fozilov joriy yil 19 dekabrdan xizmat vazifalarini bajarishga kirishdi.

Xizmat tekshiruvida J.Fozilov o`z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan, mas`uliyatsizlikka yo`l qo`yib, o`zi rahbarlik qilayotgan prokuratura ish yurituvida bo`lgan jinoyat ishining tergovi ustidan nazoratni ta`minlamaganligi, amaldagi qonunchilik bilan muqobil tekshiruvlar bekor qilingan bo`lsa-da, jinoyat ishiga aloqasi bo`lmagan xo`jalik yurituvchi sub`ektlar mansabdor shaxslarini tergovga jalb qilib, so`roq qilish orqali muqobil tekshirish, shuningdek, asossiz ravishda tadbirkorni chaqirtirish va majburiy keltirish haqida qo`l ostidagi tergovchiga topshiriq berganligi aniqlandi.

Shularga ko`ra, Bosh prokurorning 21.12.2020 yildagi buyrug`i bilan Buxoro shahar prokurori J.Fozilovga “Hayfsan” intizomiy jazosi qo`llanildi, deyiladi rasmiy bayonotda. 

    Boshqa yangiliklar