21 dekabr kuni Xorazm viloyatining Xazorasp va Xiva tumanlarida istiqomat qiluvchi aholining ichki ishlar organlarining Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmalariga xorijga chiqish biometrik pasportini olish bo`yicha navbat keskin oshib ketishi holati ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib ketishiga sabab bo`lgan.
IIV Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi ma`lumotlariga ko`ra, xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun murojaat qilayotgan aholining asosiy qismi Rossiya Federasiyasi hududida mehnat qilayotgan fuqarolar ekanligi aniqlangan. Mazkur fuqarolar 2021 yil 1 yanvardan boshlab O`zbekiston fuqarolari barcha MDHga a`zo davlatlarga, shu jumladan Rossiya Federasiyasiga faqat xorijga chiqish biometrik pasporti bilan chiqishlari tartibi kuchga kirishi munosabati bilan ichki ishlar organlarining Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmalariga murojaat qilmoqdalar.
Ushbu hududlarda yashovchi aholi orasida O`zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federasiyasi o`rtasida avia qatnov yo`lga qo`yilganligi to`g`risida yolg`on xabarlar tarqalgan.
Shuni ta`kidlash joizki, pandemiya munosabati bilan hozirgi kunda bir qator davlatlar, shu jumladan Rossiya Federasiyasi O`zbekiston Respublikasi bilan avia va temir yo`l qatnovini qayta tiklashni rejalashtirayotgani bo`yicha Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ma`lumotlar kelib tushmagan.
Hozirgi vaqtda Xazorasp va Xiva tumanlari ichki ishlar organlarining Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmalariga xorijga chiqish biometrik pasportini olish bo`yicha navbatda turgan fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilgan, ularga navbat talonlari tarqatilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda respublikamiz fuqarolariga har qanday tasdiqlanmagan ma`lumotlarga ishonmasliklarini, ichki ishlar organlarining Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmalariga tartib bilan murojaat qilishlarini so`rab qolamiz.






