AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida Davlat soliq qo`mitasi raisi o`rinbosari Fazliddin Umarov kirakashlik bilan shug`ullanayotganlar nima uchun o`zini o`zi band qilgan fuqarolar ro`yxatiga kiritilmagani haqidagi savolga javob qaytardi.
«Ushbu masala juda ham muhim va dolzarb hisoblanadi. Barcha hududlarda taksi xizmatini ko`rsatuvchi fuqarolar ko`p. Ularning faoliyatiga qonuniy sharoit yaratilsa, ularning ijtimoiy muammolari ham hal bo`ladi.
Lekin kirakash o`zini o`zi band qiluvchi sifatida ro`yxatdan o`tsa, aholining xavfsizligini ta`minlash bilan bog`liq masala yuzaga keladi. Ya`ni, aholi tashish bilan shug`ullanuvchi korxonalarga qo`yiladigan talablarni har bir o`zini o`zi band qilgan kirakash ham bajarishi kerak degan masala ko`tarilgan va 67talik ro`yxatdan chiqarib tashlangan.
Lekin bu degani bu borada ish to`xtab qoldi, degani emas. Ushbu masala bo`yicha maxsus ishchi guruhi tuzilgan hamda maqbul echim izlanyapti. Lekin bu voqea qachon ro`y berishi haqida aniq javob ayta olmayman», — dedi Umarov.






