Namanganda 18 dekabr kuni soat 23:50 da noma`lum shaxslar Namangan shahar Istiqbol MFY 1-Barkamol ko`chasi 29-uyda joylashgan «Dilrabo Fayz» oilaviy korxona oldida fuqaro Foziljon K., tomonidan o`ziga tegishli “Spark” rusumli avtomashina kalitini o`zida qoldirib, korxonaga kirib ketganligidan foydalanib, avtomashinani noma`lum tomonga olib qochib ketgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti Axborot xizmati ma`lum qildi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni voyaga etmaganlar 14 yoshli Sherzod Sh., 16 yoshli Akmal O`., 15 yoshli Ne`matjon M., hamda 16 yoshli Bilol T., lar tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, “Spark” rusumli avtomashina esa Istiqbol mahallasida «Vaz-2106” avtomashinasi bilan YTH sodir qilgan holatda topilgan.
Mazkur holat yuzasidan voyaga etmaganlar 14 yoshli Sherzod Sh., 16 yoshli Akmal O`., 15 yoshli Ne`matjon M., hamda 16 yoshli Bilol T., larga nisbatan Namangan shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi «b» bandi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, 14 yoshli Sherzod Sh., 16 yoshli Akmal O`., 15 yoshli Ne`matjon M., va 16 yoshli Bilol T., lar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib 14 yoshli Sherzod Sh., 16 yoshli Akmal O`., 15 yoshli Ne`matjon M.,larga nisbatan «uy qamog`i» tarzidagi, 16 yoshli Bilol T., ga nisbatan esa «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






