AsosiyJamiyat

Islom Karimov «beodob» bolaga nimani aytgan edi?

'Islom Karimov «beodob» bolaga nimani aytgan edi?'ning rasmi

Yozuvchi Luqmon  Bo`rixon ushbu mavzuga to`xtalib o`tdi. 

"Xizmat safari bilan Qashqadaryoga borganimizda Qarshi shahridagi nufuzli maktablardan birida ko`p yillar mehnat qilib nafaqaga chiqqan Adolat Husanova qiziq bir voqeani aytib bergan edi. O`sha eshitganlarim xotiramning tub-tubida hanuz shu`la taratib turadi.

– O`tgan asrning sakson ettinchi yili edi, – deya hikoyasini boshladi u, – boshlang`ich sinflarga saboq berardim. Viloyat rahbari Islom Abdug`anievich Qarshi shahridagi ta`lim muassasalari faoliyati bilan tanishib yuribdi, degan mazmundagi xabar tarqaldi bir kuni. Albatta, hammamiz sergak tortdik. O`shanda…

Ha, o`shanda Islom Abdug`anievich ularning maktabiga ham tashrif buyurdi. Adolat Husanova uchinchi sinfda mashg`ulot olib borardi. Bir payt viloyat rahbari uch-to`rt mas`ul xodim bilan xuddi shu sinfxonaga kirib keldi.

– Qaysi fan bo`yicha dars o`tyapsiz hozir? – deb so`radi Islom Abdug`anievich hayajonli, qizg`in salom-alik marosimidan so`ng.

– Bolalarga «Kenja botir» ertagini uy vazifasi sifatida tayinlagandim. Shu bo`yicha mashg`ulot o`tyapmiz.

Viloyat rahbarining yuziga tabassum yugurdi.

– Juda ajoyib ertak. Hamma o`qigan bo`lsa kerak, shundaymi?

– Ha, o`qidik! – deya jo`r ovozda so`rovga javob berdi bolalar.

Islom Abdug`anievich yonidagi mas`ul shaxslarga yuzlandi.

– Sizlar-chi, hurmatli rahbarlar, shu ertak sizlarga ham tanishmi?.

– Ha, bilamiz, bilamiz… – deb ular ham bosh irg`ashdi.

– Kenja botirning oldidan uch yo`l chiqadi, borsa qaytar, borsa xatar, borsa kelmas, shundaymi, – deya viloyat rahbari hammaga bir-bir ko`z tashladi. – Kenja botir ulardan birini tanlaydi, adashmadimmi?

– Xuddi shunday, adashmadingiz! – deb baralla qichqirishdi bolalar.

Islom Abdug`anievich muallimaga yuzlandi.

– Masalan, siz qaysi yo`lni tanlagan bo`lardingiz?

– Menimcha… Kenja botirning tanlovi… hammamiz uchun saboq, – dedi Adolat Husanova hayajondan tovushi titrab.

– Sizlar-chi, bolalar, – deb o`quvchilarga murojaat qildi Islom aka, – ustozning gaplariga qo`shilasizmi?

– Ha, qo`shilamiz, u to`g`ri yo`l tanlagan!

Mas`ul shaxslar ham o`zlaricha shu javobni ma`qul ko`rishdi. Islom Abdug`anievich atrofdagilarga biroz o`ychan, biroz sinovchan nigoh tashlab turardi. Bir payt o`rta partada o`tirgan mahmadona bir bola irg`ib o`rnidan turdi.

– Domilla, siz-chi? O`zingiz qaysi yo`lni tanlagan bo`lardingiz?

Kutilmagan bu so`rovdan mas`ul xodimlar taxtaday qotib qolishdi. Muallima «beodob» bolaga tanbeh berishga chog`landi. Ammo Islom Abdug`anievich ishora bilan uni tinchlantirdi va partalar bo`ylab yurib o`sha bolaning yoniga bordi. U kishining yuzida mayin bir tabassum kezinib turardi.

– Men qaysi yo`lni tanlashimni aytaymi? – dedi haligi bolaning sochlarini silab qo`yarkan, – men hech birini tanlamasdim. Qo`rqinchli, qalin o`rmon oralab o`z yo`limdan ketardim…

– …Bu kutilmagan javobdan hammamiz zavq-shavqqa to`ldik, – deya hikoyasini yakunladi Adolat Husanova, – beixtiyor qarsak chalib yubordik. O`sha voqeani tez-tez eslab turaman. Har eslaganimda doimo bir haqiqatga iqror bo`laman. Biz o`qituvchilar yillar davomida berib-berolmaydigan saboqni Islom Abdug`anievich uch-to`rt daqiqa ichida bolalarning ongiga joylagan edi. O`sha o`quvchilarning deyarli barchasi keyinchalik hayotda o`z yo`llarini topib katta mutaxassislar bo`lib etishdi.

Ha, muallima opaning aytganlari ayni haqiqatdir. Islom Abdug`anievich Karimov o`z yo`lidan borib mamlakatimizni ham o`z taraqqiyot yo`liga olib chiqdi. Dunyoga tanitdi. Bunga shak-shuhba yo`q" deb yozadi xotiralab. 

 

    Boshqa yangiliklar