Ma`lumki, bir qator ko`ngilli yurtdoshlarimiz koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanmoqda. Bu jarayon ommaviy emas, vaksinaning samaradorligini sinovdan o`tkazish maqsadida amalga oshirilayotgan 3-faza klinik-sinov jarayonlaridir.
Shu bois emlashga kimlar jalb qilinishi, vaksina yuborishdan oldin ko`ngillilar qay tartibda tibbiy ko`rikdan o`tkazilishi, uni qabul qilgan odamlarning salomatligidagi o`zgarishlar qanday nazorat qilib borilishi borasidagi savollar jamoatchilik e`tibor markazida bo`lib turibdi. SSV Matbuot xizmatining bu kabi savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshliq o`rinbosari Botirjon Qurbonov javob berdi.
— Ilmiy tajriba sifatida o`tkazilayotgan emlash jarayonida kimlar qatnashishi mumkin?
— Avvalo, aholi vakillari ushbu emlash jarayoni vaksinaning xavfsiz va samarali ekanini aniqlash hamda uning mintaqamiz sharoitida qanday ta`sir etishini tadqiq qilish maqsadida o`tkazilayotganini unutmasliklari lozim.
Klinik-sinov tarzida o`tkazilayotgan emlashda 18 yoshdan oshgan ko`ngilli fuqarolarimiz qatnasha oladi. Ular “COVID-19” infeksiyasi bilan umuman zararlanmagan bo`lishlari talab etiladi. Chunki koronavirusga chalinib, tuzalganlar tanasida antitanachalar mavjud bo`lib, vaksinaning organizmga qanday ta`sir qilganini aniqlashga halaqit beradi.
Bundan tashqari, ayni vaziyatda koronavirus bilan og`rigan bemorlarga ham vaksina qilinmaydi. Ko`ngilli yurtdoshlarimiz tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, turli surunkali kasalliklardan xoli ekani o`rganiladi. Surunkali kasalligi bor va isitmalayotgan, qon bosimi me`yoridan yuqori, qon kasalliklari mavjud, immun tanqisligi bilan kasallangan, saratonga chalingan bemorlar hamda homilador va farzand ko`rish istagidagi ayollar ham bu jarayonda qatnashishi mumkin emas.






