Ushbu savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshliq o`rinbosari Botirjon Qurbonov javob berdi.
— Emlashdan oldin qanday tibbiy tekshiruvlardan o`tkaziladi?
— Emlashdan oldin ko`ngilli fuqarolarning qon taxlili ekspress usulda o`rganiladi. Bunda organizmda infeksiyaga qarshi antitanachalar yo`qligi hamda koronavirus kasalligiga chalinmagani aniqlanadi. Shuningdek, burun va halqumdan olingan surtmalar PZR orqali tekshirilib, tanada “COVID-19” virusi yo`qligiga ishonch hosil qilinadi.
— Ayni paytgacha qancha ko`ngilli emlandi?
— Shu yilning 22 dekabr sanasiga ko`ra, 226 nafar ko`ngilli fuqarolar vaksina bilan emlandi. Yurtdoshlarimizning vaksina to`g`risidagi fikr-mulohazalarini bildirishi hamda ko`ngilli sifatida emlashda qatnashish niyatida murojaat qilishi uchun Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan maxsus sayt yaratilmoqda. Ayni paytda nazoratga olish imkoni keng bo`lgani uchun asosan poytaxtda yashovchi ko`ngilli yurtdoshlarimiz ushbu vaksina bilan emlanmoqda.
Qayd etish joiz, ko`ngillilar koronavirusga qarshi klinik-sinov tarzda emlanayotgan Xitoyning “Rekombinat” vaksinasi birinchi va ikkinchi klinik-sinov jarayonlaridan muvaffaqiyatli o`tgan. Shu paytgacha uchinchi faza klinik-sinovlari davomida emlanganlar o`rtasida ham salbiy asoratlar aniqlanmagan. Ular doimiy ravishda shifokorlar nazoratida bo`lib turibdi.






