AsosiyJamiyat

O`zbekistonning ikki hududida ikki kishi sovuqdan halok bo`ldi

'O`zbekistonning ikki hududida ikki kishi sovuqdan halok bo`ldi'ning rasmi

Ichki ishlar vazirligi birlashgan tahririyati joriy oyda O`zbekistonda sovuq urishidan vafot etgan ikki nafar fuqaro haqida xabar qildi. 

Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 6 dekabr kuni bedarak yo`qolgani uchun qidiruvga berilgan Qoraqalpog`iston Respublikasining Xo`jayli tumani “Sarishingul” ovul fuqarolar yig`ini hududida yashagan, 1991 yilda tug`ilgan N. R.ning tashqi ko`rinishidan jarohatsiz jasadi “Kulab” ovul fuqarolar yig`ini hududidan topilgan.

O`tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko`ra, u “tananing umumiy sovuqqotishi”dan halok bo`lganligi aniqlangan.

Xuddi shunday holat Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida ham yuz berdi. Shu yil 17 dekabrdagi ma`lumotga ko`ra, “Farovon Yo`ldoshobod” mahalla fuqarolar yig`ini hududida joylashgan “Agrosanoat” MChJga tegishli dala maydonidan Osiyo millatiga mansub, 30-35 yoshlardagi noma`lum erkak kishining tashqi ko`rinishidan jarohatsiz jasadi topilgan. O`tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, u “tananing umumiy sovuqqotishi”dan o`lganligi aniqlangan.

Ko`rilgan choralar natijasida jasadning shaxsi aniqlangan. U Narpay tumanida yashagan, 1990 yilda tug`ilgan N. V. ekanligi ma`lum bo`lgan.

Ayni paytda har ikki holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar