O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida bo`lib o`tgan hay`at yig`ilishida 2015 yil yakunlari sarhisob qilinib, 2016 yilgi ustuvor vazifalar belgilandi.
2015 yilda Favqulodda vaziyatlar vazirligining harbiy tuzilmalari va vositalarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlashga doir barcha chora-tadbirlar to`liq amalga oshirildi.
Masalan, vazirlikning hududiy boshqarmalari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasi bilan hamkorlikda suv toshqinlari va ko`chkilar yuz berishi xavfi mavjud bo`lgan hududlarni o`rgandi. Tog`lardagi qor zaxirasi va yuqori tog` hududlaridagi ko`llar holatini baholash maqsadida Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarining tog`li hududlarida aerovizual kuzatuvlar olib borildi.
O`tgan yili daryolarning toshgan suvlarni o`tkazish imkoniyatini oshirish va qirg`oqlarini mustahkamlash maqsadida Norin daryosining aholi zich joylashgan qirg`oqlari mustahkamlandi. Namangan viloyati hududidan o`tadigan Sirdaryo daryosining qirg`oqlari betonlandi. Shuningdek, Zarafshon daryosidagi «Ravotxo`ja» dambasining 4,91 kilometrlik uchastkasini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.
Qutqaruvchilarning aniq va tartibli harakatlanishini ta`minlash, tayyorgarligini oshirish maqsadida muntazam o`quv mashg`ulotlari o`tkazilmoqda. Hisobot davrida o`tkazilgan 31 qo`mondonlik-shtab va 647 maxsus taktik-o`quv mashg`ulotida 110 mingdan ziyod xodim ishtirok etdi, qariyb 18 ming maxsus texnika jalb qilindi.
Aholini yuz berishi mumkin bo`lgan xavflardan o`z vaqtida ogohlantirish favqulodda vaziyatlarning oldini olishda muhim o`rin tutadi. Xususan, o`tgan yili mobil aloqa operatorlari orqali 130 dan ortiq SMS-xabarlar jo`natildi.
Yig`ilishda 2016 yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.