AsosiyJamiyat

O`zbekiston aholisini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari qay tarzda amalga oshirilayotgani haqida ma`lum qilindi

'O`zbekiston aholisini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari qay tarzda amalga oshirilayotgani haqida ma`lum qilindi'ning rasmi

“COVID-19” infeksiyasiga qarshi vaksinasi bilan 3 faza klinik-sinov emlash jarayoni hamda vaksina qabul qilgan ko`ngilli kishilar salomatligidagi o`zgarishlar nazorati borasidagi SSV matbuot xizmatining savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatlik xizmati boshliq o`rinbosari Botirjon Qurbonov javob berdi.  

—  “COVID-19” infeksiyasiga qarshi emlanganlar qanday gigienik qoidalar, turmush tarziga amal qilishi talab etiladi ?  

—  Emlangan shaxslar, birinchi navbatda, qo`lining vaksina yuborilgan qismini kun davomida yuvmasligi kerak. Shuningdek, bir hafta mobaynida to`g`ri ovqatlanish qoidalariga amal qilishi, xususan, spirtli ichimlik va boshqa zararli mahsulotlardan tiyilishi talab etiladi. Mavsumga mos ravishda kiyinib, gripp, yuqori nafas yo`llari virusli kasalliklaridan saqlanishi lozim.

—  Vaksina samarasi qanday nazorat qilinadi?

—   Vaksina qabul qilgan kishi 7 kun davomida salomatligidagi o`zgarishlarni qayd etib borishi zarur, misol uchun, bir kunda 2 marotaba tana haroratini o`lchashi, emlangan joyidagi terida qizarish yoki shish paydo bo`lish-bo`lmasligini kuzatishi hamda holatini daftarga yozib borishi lozim. Agar boshqa kasalliklar bezovta qilib, dori vositasini iste`mol qilmoqchi bo`lsa, albatta, maxsus tayyorgarlikdan o`tgan poliklinika shifokorlari bilan maslaxatlashishi zarur.

Eslatib o`tamiz, ayni paytda dunyo miqyosida klinik-sinovlardan o`tkazilayotgan barcha “COVID-19” infeksiyasiga qarshi vaksinalar organizmga ikki marta  yuborilishi kerak. Birinchi marotaba yuborilgach, bir oy davomida emlangan kishining salomatligi nazorat qilib turiladi va salbiy ta`sirlar kuzatilmaganda ikkinchi marotaba vaksina bilan emlanadi.  

Emlangan kishilar har oyda bir marotaba skrining tekshiruvlaridan o`tkazilib, ular organizmidagi antitanachalar paydo bo`lishi, uning miqdori, immun tarangligi nazorat qilib turiladi va o`zgarishlar kuzatilib boriladi.

— Aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari qay tarzda amalga oshirilmoqda?  

—  Sog`liqni saqlash vazirligi va Innovasion rivojlanish vazirligi mutaxassislari Xitoyning “Ayhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical”  kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Toshkent shaxridagi 3 ta maxsus poliklinikada tibbiyot xodimlariga emlash jarayonlarining qoida va me`yorlari borasida o`quv mashg`ulotlari o`tkazildi. Ayni paytda ushbu o`quv mashg`ulotlarida bilim-malakasini oshirgan 24 nafar shifokor va yana shuncha o`rta tibbiyot xodimlari emlash ishlari bilan shug`ullanmoqda.  

Bundan tashqari, ko`ngilli aholi vakillarini emlash jarayoni O`zbekiston va Xitoyning eng malakali shifokorlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda. Bir so`z bilan aytganda, mamlakatimizda “COVID-19” infeksiyasiga qarshi vaksinaning 3 faza klinik-sinov emlash tadbirlarini o`tkazish uchun joylarda barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.  

Sog`liqni saqlash vazirligi  

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.

    Boshqa yangiliklar