Toshkent viloyatida er uchastkalarini berishda byurokratik to`siqlarga yo`l qo`ygan turli sohalarda faoliyat yurituvchi 56 nafar mansabdor jarimaga tortildi.
Ma`lum qilinishicha, Biznes-ombudsman tomonidan Toshkent viloyatida vakolatli organlarning nazorat ishlari o`tkazilgan. Tadbirlar davomida «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron shaklda er uchastkalarini tanlash materiallarini tayyorlash, kelishish va xulosalarni olish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan tahlil va o`rganishlar olib borilgan.
Uning natijalariga ko`ra, er uchastkalarini berish bo`yicha materiallarni ko`rib chiqish va kelishishda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlarini cho`zilishiga va byurokratik to`siqlarga yo`l qo`ygan tuman va shaharlar bo`yicha bir necha mas`ullarga chora ko`rilgan.
Xususan, er resurslari va davlat kadastrining 15 nafar, Davlat soliq inspeksiyasining 4 nafar, «Toshkentsuvta`minot» MChJning 15 nafar, «Toshkent hududiy elektr tarmoqlar korxonasi» AJning 19 nafar, Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 1 nafar hamda tuman va shahar hokim o`rinbosarlarining 2 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jarimaga tortilgan.






