1

Yuragimda saqlaganlarim:Bir oy o`quvchisini ko`tarib yurgan ustoz

Mutolaa 29.01.2016, 11:39
 Yuragimda saqlaganlarim:Bir oy o`quvchisini ko`tarib yurgan ustoz

Bu gaplarni qancha yillardan buyon yuragimda saqlab kelaman. Agar maktabga ilk qadam qo`ygan yilimdan hisoblasam, naq o`ttiz yil bo`libdi. O`ttiz yildan buyon ustozimga aytolmayman!..

Barchamiz maktab ostonasiga birinchi marta qadam qo`ygan kunlarimizni aslo unutmasak kerak. Men ham aslo esdan chiqarmayman. Sababi, aynan o`sha kunlari men yura olmasdim. Ikki hafta oldin akamga erkalik qilib velosipedga mindirishini talab qildim:

— Men uchiring, velikda uchgim kelyapti…

Akamdan ancha kichikligim uchun tantiqliklarimni tabiiy qabul qilar va talablarimni bajarardi. Bu xohishimni ham bajarib, katta yo`lga olib chiqdi-da, velosipedning  orqa tomonidagi sim o`rindiqqa o`tqazib rosa uchirdi. Men qiqirlab kular va akamning yanada tezlikni oshirishini so`rardim. Zavq shu qadar xayolimni olibdiki, oyoqlarimning pastlaganini sezmay qolibman. Natijada, vesipedning zanjiriga tegdi va... Jon holatda baqirdim. Ayanchli og`riq jon-jonimdan o`tgandi. Shoshib qolgan akam birdan to`xtadi. Men muvozanatimni yo`qotganim uchun asfaltga qulab tushdim.

— To`piqdan pasti singan, pay ham jarohat olgan, — dedi otam olib borgan shifokor rentgen plyonkasiga ko`z tikarkan. — Gips qilamiz. Umuman yurish mumkin emas.

O`sha zahotiyoq mening oyog`imni gipslashdi va men yurishdan mahrum bo`ldim. Aytganimdek sal o`tmay, maktab boshlandi. Men birinchi sinfga qabul qilindim.

— Oyog`i yaxshi bo`lguncha maktabga bormaydi, — qarshi bo`ldi onam.

— Fikring noto`g`ri. Borishi kerak. O`rtoqlaridan ajrab qoladi agar, — dedi otam. — Bolalar bilan birga saboq olgani yaxshi. Ko`tarib olib boramiz, maktabga.

— Men o`zim olib boraman, — dedi jarohatlanishimda hamon o`zini aybdor his qilayotgan akam.

Shu bilan men maktabga akamning quchog`ida bordim. Ertasiga ham, indiniga ham har kuni akam meni maktabga olib borar, uyga esa onam ko`tarib olib kelardi. Chunki akamning darsi menikidan ko`pligi bois olib kelolmasdi. Shunday qilib maktabga qatnashimga hech bir muammo bo`lmadi. Hamma tengqurlarim menga ajablanib qarar, bo`shadi degancha savolga tutardi. Lekin bu bir kungina davom etdi. Keyin mening oyog`im “hikoya”sidan ko`ra qiziqroq narsa topishga urinishdi. Men dars paytida zerikmadim. Faqat... tanaffus chog`ida javdirab qolib ketardim. Ikki kun shu tarzda mung`ayib o`tirdim. O`qituvchimiz bu paytda hammadan oldin chiqib ketganligi tufayli, holatimni bilmasdi. Albatta, besh daqiqalik tanaffus o`tadi-ketadi. Lekin o`sha paytda olti yoshli o`yinqaroq yana yangi muhit qarshisida turgan bola uchun juda mushkulligini bilsangiz kerak. Yaxshiyam, hamma sinfdoshlarim birdan sinfxonani tark etmasdi. Biri kirib, biri chiqib yurar, yana boshqasi qo`lida egulik bilan kirib kelardi. Men esa yorilib ketay derdim, ichim qizirdi.

Uchinchi kuni birinchi tanaffus chog`ida o`qituvchimiz allanimalarni yozib, o`rnidan qimirlamadi. Sal o`tmay, mening olazarak va najotkor nigohlarim bilan ko`zlari to`qnashdi.

— Ie, sen to dars tugaguncha... Aytgancha... — u irg`ib turib yonimga keldi. — Senga yurish mumkin emas-ku! Hech qaerga borging kelmayaptimi?

— Yo`q, — dedim erga qarab.

— Aldama, tomosha qilging kelyapti-ku! — u shunday deya jilmaygancha meni dast ko`tarib, karidorga olib chiqdi, undan bufetga, undan chiqib hovliga...

Maktab hovlisida chug`urlashib, chopqillab yurgan bolalarga qarab xo`rsindim.

— Xafa bo`lma, bir oylarda senam shunaqa yugurib yurasan. Ungacha har kuni o`zim seni olib chiqib turaman.

O`qituvchimiz aytganining ustidan chiqdi. Har kuni bizga saboq berar va tanaffus chog`lari bor e`tiborini menga qaratardi. Erinmay ko`tarib hovliga olib chiqar, ko`rmagan joylarimni ko`rsatardi.

Bir oylar chamasi o`tib, oyog`imdagi gipsni olib tashlashdi. Yura boshladim. Afsuski, paylarim shikastlangani uchun oqsardim. Maktabga borguncha akam qo`limdan etaklab borgani uchun hech kim ustimdan kulishga, masxara qilishga jur`at etolmasdi. Lekin sinfxonamizga kirganimda...  

— Bu bola cho`loq ekan-ku!

— Oyog`i singan-ku!

— Oqsoq bechora...

Rahm, achinish bilan aytilgan bu so`zlar meni yana partamga mixladi. Maktabdan soviy boshlagandim. Tanaffus chog`ida ham qimirlamay o`tiraman. Go`yo hamma menga begonadek. Bu o`qituvchimizning e`tiborini tortdi:

— Endi yura olasan-ku! Nega tanaffusga chiqmayapsan?

Men bolalar masxara qilishidan qo`rqayotganimni aytmadim. Ammo ko`pni ko`rgan, bolalar ruhiyatini besh panjasidek biladigan ustozim uchun buni payqash qiyin emasdi. Shuning uchun dars boshlanganda u meni doska yoniga chaqirdi. Chiqdim. So`ng u o`rtoqlarimga yuzlandi:

— Bolalar, Erkinning oyog`i singanini bilasizlar, a? Mana, gipsini olishdi. Endi o`zi yurayapti. Faqat to tuzalib ketguncha oyog`i sal oqsaydi. U tanaffusda ko`chaga chiqsa begona bolalar bilmay haqorat qilishi mumkin. Siz esa uning tez orada tuzalib ketishini bilasiz. Shuning uchun u bilan birga yurib, begonalarning masxara qilishiga yo`l qo`ymang. Axir u sizning sinfdoshingiz, o`rtog`ingiz bo`ladi. Endi o`n yil bir sinfda o`qiysiz. Do`stlar bir-birini himoya qilishi kerak.

Bu gaplardan so`ng sinfdoshlarimning menga bo`lgan munosabati birdan o`zgardi.

— Yur birga o`ynaymiz, qo`lingdan ushlab olaman.

— Birov xafa qilsa, bizga ayt.

— Endi biz bilan birga yurasan...

Bunaqa g`amxo`rlik va do`stona munosabatdan so`ng yana maktab tomon talpina boshladim. Birinchi o`qituvchimning bu yaxshiligi esa bir umr xotiramga mixlandi. Balki, u buni esidan chiqarib yuborgandir? Ammo men unutmayman. O`ziga esa aytolmayman. Bugun shunga o`zimda kuch topdim: Bayramingiz muborak aziz ustoz!

Erkinning gaplarini KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1