Hukumat qarori bilan O`zini o`zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to`g`risidagi nizom qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida ma`lum qilindi.
O`zini o`zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro`yxatiga Nomoddiy madaniy meros ob`ektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish (madaniyat markazi tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar bundan mustasno) faoliyat turi kiritildi.
Nizomga ko`ra, o`zini o`zi band qilgan shaxs maxsus mobil ilova yoki soliq to`lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro`yxatdan o`tishi mumkin.
O`zini o`zi band qilgan shaxs to`g`risida ma`lumotlar bazasi (registr) davlat soliq xizmati organlari tomonidan yaratiladi va parallel ravishda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida shakllantiriladigan jismoniy shaxsning shaxsiy ishga joylashishi tarixiga integrasiya qilinadi.
O`zini o`zi band qilgan shaxs sifatida ro`yxatdan o`tgan jismoniy shaxsning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tishi talab etilmaydi.
Mazkur faoliyatni amalga oshirish natijasida olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i tatbiq etilmaydi.
O`zini o`zi band qilgan shaxslarga ma`lumotnoma cheklanmagan muddatga beriladi va ularni ro`yxatdan o`tkazishda haq undirilmaydi.






