AsosiyJamiyat

8 yildan buyon «Qariyalar uyi»da yashayotgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalistga Komil Allamjonov homiylik qiladigan bo`ldi

'8 yildan buyon «Qariyalar uyi»da yashayotgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalistga Komil Allamjonov homiylik qiladigan bo`ldi'ning rasmi

«Mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi» Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov 8 yildan buyon qariyalar uyida yashab kelayotgan, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Rustam Obidovga yordam beradigan bo`ldi. Bu haqda "rost24"da xabar berildi.

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Rustam Obidov ilojsizlikdan «Qariyalar uyi»da yashab kelayotgani va moliyaviy qiyinchilik tufayli pansionat to`lovlaridan qiynalib qolgani haqida xabar e`lon qilingan edi. Unda jurnalist tarjima asarlari bilan qalam haqi ishlab kelgani, biroq joriy yilda u yashayotgan urush faxriylari va mehnatkashlari pansionatida karantin bo`lgani tufayli tashqariga chiqa olmay qolgani sabab to`lovlarni amalga oshirishga qiynalayotgani bayon etilgan.

Komil Allamjonov jurnalist tushib qolgan vaziyatni eslatgani uchun minnatdorlik bildirib, bundan tashqari, bayram arafasida 100 ga yaqin faxriy jurnalistlarga ham yordam ajratilishini ma`lum qildi.

Hozirda jurnalist Rustam Obidov urush faxriylari va mehnatkashlari pansionatiga 18 million so`m miqdorida to`lov amalga oshirishi kerak. «Mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi» vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov mazkur to`lovni o`z zimmasiga oldi.

Shuningdek, fond joriy yilda ham «Xavfsiz yordam» loyihasini davom ettirib, jurnalistika va telekommunikasiyaning 100 nafar vakillariga yordam ajratadi. Ro`yxatga jurnalistika sohasida uzoq yillar ishlagan faxriylar, turli oilaviy sharoit tufayli salomatligini tiklayotgan va ijtimoiy ko`makka muhtoj jurnalistlar kiritilgan. 

Ro`yxatni tuzishda jurnalistlarning ijtimoiy tarmoqlardagi jamoalari va tegishli tashkilotlar ko`maklashgan. Fond ularga jami 150 million so`mlik yordam ko`rsatadi, deyilgan xabarda. 

    Boshqa yangiliklar