Chet elda ishlayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Pensiya jamg`armasiga yagona ijtimoiy to`lov to`lash, pensiyani hisoblash uchun ish staji va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 fevraldagi 46-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom bilan tartibga solinadi.
Nizomga muvofiq, chet elda ishlovchi shaxs boshqa davlatda ishlagan har bir oyi uchun Pensiya jamg`armasiga yagona ijtimoiy to`lovni ixtiyoriy ravishda to`laydi.
Chet elda bo`lish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar, pasportdagi O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o`tganligi to`g`risidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar) hamda O`zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalarining shaxsni boshqa davlatda bo`lgan vaqti va konsullik hisobiga qo`yilganligi ma`lumoti ko`rsatilgan tegishli hujjatlar asosida tasdiqlanadi.
Chet elda ishlovchi shaxs pensiya bilan ta`minlanish miqdoridan kelib chiqib Pensiya jamg`armasiga yagona ijtimoiy to`lov miqdorini mustaqil ravishda, biroq yiliga yagona ijtimoiy to`lov to`lash sanasida qonun hujjatlarida belgilangan pensiya hisoblashning bazaviy miqdorining to`rt yarim barobari miqdorda belgilashi mumkin. Chet elda ishlovchi shaxs tomonidan bir yil uchun to`lanadigan ijtimoiy to`lovning eng kam miqdori 2020 yil 1 dekabr holatiga 1 181 115 so`mni tashkil etadi.
Yagona ijtimoiy to`lov to`lash quyidagi tartibda amalga oshirilishi mumkin:
har oyda yoki har chorakda;
bir yo`la — O`zbekiston Respublikasiga kelgan kunidan boshlab uch yil mobaynida.
Yagona ijtimoiy to`lov naqd pulsiz hisob-kitob bo`yicha to`langan taqdirda to`lov hujjatida ko`rsatilgan sana yagona ijtimoiy to`lov to`langan kun hisoblanadi. To`lov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, STIR va to`lov amalga oshirilayotgan davr albatta ko`rsatilishi shart. Agar to`lov hujjatida davr ko`rsatilmagan bo`lsa, to`lov u amalga oshirilayotgan oy uchun to`langan deb hisoblanadi.
Milliy valyutadagi yagona ijtimoiy to`lov chet elda ishlovchi shaxs doimiy yashash joyi bo`yicha davlat soliq xizmati organlariga xizmat ko`rsatayotgan banklarda ochilgan Pensiya jamg`armasining tegishli daromad tranzit hisob raqamlariga uning tomonidan mustaqil ravishda, oila a`zolari yoki ishonchli vakil tomonidan to`lanadi.
Pensiya jamg`armasiga sug`urta badallarini to`lash xorijiy valyutada (boshqa davlat hududidan) Pensiya jamg`armasining maxsus valyuta hisob raqamlariga amalga oshirilishi mumkin va to`lov sanasiga Markaziy bank tomonidan belgilangan kurs bo`yicha milliy valyutaga qayta hisoblab chiqiladi.
Chet elda ishlovchi shaxs yagona ijtimoiy to`lov to`lashni to`xtatib turganda, pensiya tayinlash uchun olinadigan ish staji hisobi yagona ijtimoiy to`lov to`langan so`nggi sanadan boshlab to`xtatib turiladi.
Yagona ijtimoiy to`lov miqdori uning belgilangan miqdoridan kam bo`lgan taqdirda, pensiya tayinlash uchun olinadigan tegishli davr uchun ish staji zarur mablag`larni qo`shimcha ravishda kiritish sharti bilan hisobga olinadi.
Chet elda ishlovchi shaxs yagona ijtimoiy to`lov hisobi uning doimiy yashash joyi bo`yicha davlat soliq xizmati organida yuritiladi.
Chet elda ishlovchi shaxslar ish stajiga ular faoliyat yuritgan va yagona ijtimoiy to`lov to`lagan davrlari kiritiladi.
Pensiya miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan aniq bir oy (yil) uchun chet elda ishlovchi shaxsning daromadi Pensiya jamg`armasiga to`langan oylik (yillik):
2019 yil 1 yanvarga qadar bo`lgan davr uchun - sug`urta badallari summasini sug`urta badallarini to`lash davrida amalda bo`lgan yagona ijtimoiy to`lov (mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek, fermer xo`jaliklari uchun) va fuqarolarning sug`urta badallarining umumiy stavkasiga;
2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun - yagona ijtimoiy to`lov summasini yagona ijtimoiy to`lovni to`lash davrida amalda bo`lgan yagona ijtimoiy to`lov (mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek, fermer xo`jaliklari uchun) stavkasiga bo`lish hamda olingan natijani 100 ga ko`paytirish yo`li bilan aniqlanadi.






