Prezident Shavkat Mirziyoev 26 dekabr kuni poytaxtda amalga oshirgan tashriflar qatorida Sergeli tumani Qipchoq ko`chasida qurilgan ko`prikni ko`zdan kechirdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Mazkur ko`cha “Toshkent-Angren” temir yo`li bilan kesishgan. Buning ustiga tor bo`lib, avtomobillar harakatiga qiyinchilik tug`dirardi.Shu bois Qipchoq ko`chasi 8 qatorli qilib kengaytirilib, temir yo`l ustidan o`tuvchi 772 metrlik ko`prik barpo etildi. Uning estakada qismi 445, eni – 28 metr.
Davlatimiz rahbari ob`ektning sifati, shaharda transport tizimini yaxshilashdagi ahamiyatiga alohida e`tibor qaratdi.
Ushbu ko`prik soatiga 12 mingtagacha avtotransport vositalarini uzluksiz o`tkazish imkoniyatiga ega. Eng muhimi, u poytaxtimizdagi ikkita yirik ko`cha – Yangi Sergeli aylanma yo`li bilan Toshkent xalqa yo`lini bog`laydi. Bu haydovchilar uchun ancha qulaylik yaratadi, minglab transport vositalari oqimini o`ziga olib, boshqa ko`chalardagi tirbandlikni kamaytiradi.
- Pandemiya boshlanganda biz undan kuchli, qudratli bo`lib chiqamiz deb maqsad qo`ygan edik, - dedi Shavkat Mirziyoev toshkentlik faollar bilan suhbatda. - Hammamiz ko`ryapmiz dunyoda nimalar bo`layotganini. Boshqa mamlakatlarda qurilishlar to`xtab qolgan holatlar ham bo`ldi. Xalqimiz tartib-intizom, birdamlik bilan barcha rejalarini ro`yobga chiqarmoqda. Biz hamjihatlikda ko`p narsalarga qodirmiz.

Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yil 4 iyun kuni Toshkent shahrining Cho`ponota ko`chasi va Kichik halqa yo`li kesishmasida quriladigan ko`prik loyihasi bilan tanishgan edi. Kelgusida yangi yo`l barpo etilib, Qipchoq ko`chasidagi mazkur ko`prikka tutashadi.
Shu erda Turkiyaning “Kalyon” kompaniyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi avtomobil yo`llarini rekonstruksiya qilish, transport va yo`lovchilar harakati uchun qulayliklarni oshirish loyihalari muhokama qilindi.















