AsosiyJamiyat

Prokuratura qarindoshchilikka asoslangan milliard so`mlik andijoncha tenderni o`rganishni boshladi

'Prokuratura qarindoshchilikka asoslangan milliard so`mlik andijoncha tenderni o`rganishni boshladi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijoncha tender, qarindoshlik  va milliardlik davlat buyurtmalari” nomli xabar e`lon qilingan edi. 

Ya`ni unda Andijon viloyatida Milano Biznes Servis kompaniyasi qariyb 20 mlrd so`mlik davlat xaridlarini yutib olgani aytilgan. Uning ta`sischisi Muhiddin Qodirov esa bir vaqtning o`zida “Yagona buyurtmachi xizmati” rahbari ham hisoblanadi.

Bundan tashqari, viloyat qurilish boshqarmasi boshlig`i Rustambek Xodiboev milliardlab so`mlik davlat buyurtmalarini bajarayotgan Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish kompaniyasining ta`sischisi ham hisoblanadi.

Xuddi shunday loyihalar ta`sischilari “Yagona buyurtmachi xizmati” rahbarining qarindoshlariga tegishli Andijon Ihlos Qurilish kompaniyasi tomonidan ham amalga oshirilayotgoani aytilgan edi.

Shunga ko`ra, Andijonda mukammal ta`mirlash va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun o`tkazilgan tanlov va tenderlarda shaffoflik ta`minlanmaganligi bayon etilgan.

Ayni paytda Andijon viloyati prokuraturaning ma`lum qilishicha, hozirda mazkur xabarda bayon etilgan holatlar viloyat prokuraturasi tomonidan tegishli soha mutaxassislari ishtirokida o`rganilmoqda. O`rganish natijasi bo`yicha qo`shimcha xabar beriladi.

Eslatib o`tamiz, sal avval Jizzax ko`chalarini bezash uchun hokim qizining MChJsidan 2 milliard so`mlik gullar sotib olingani xabar qilingan edi. Shundan so`ng, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ushbu holat yuzasidan o`rganish boshlangan

    Boshqa yangiliklar