AsosiyJamiyat

“Ucell” asossiz echib olgan 97 mln so`mdan ziyod mablag` abonentlarga muammosiz qaytarilganmi? Yoxud Agentlik aralashuvi natijasimi?

'“Ucell” asossiz echib olgan  97 mln so`mdan ziyod mablag` abonentlarga muammosiz qaytarilganmi? Yoxud Agentlik aralashuvi natijasimi?'ning rasmi

Avvalroq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan bizga taqdim etilgan ma`lumotlar asosida “Ucell” kompaniyasi noqonuiy tarzda abonentlar hisobidan 97 mln so`mdan ziyod mablag` echib olgani haqida xabar qilgan edik. 

Shundan so`ng, Ucell kompaniyasi ushbu xabarga nisbatan e`tiroz bilan chiqdi. 

Unda keltiriliicha, haqiqatan ham 30 sentyabrdan 4 oktyabrgacha «Al-Chiroq» xizmatida nosozlik kuzatilgan. Nosozlik 5 oktyabrda bartaraf etilgan, 6 oktyabrdan esa nosozlik kunlari echib olingan pul hisob-kitobi boshlangan. 97,43 million so`m mablag` 9 oktyabrning oxiriga qadar abonentlarga qaytarilgan. Kompaniya Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligidan 02.11.2020 yilda kelib tushgan so`rovga qadar mablag`larni qayta hisoblab chiqqan va pullarni o`z abonentlariga qaytarib berib bo`lgandi, deya ma`lum qilmoqda. 
 Biroq, ayni paytda Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mazkur holat yuzasidan qayta bayonot bilan chiqdi.

"O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga joriy yilning 2 oktyabr kuni fuqaro B.I. murojaat qilib, “Ucell” kompaniyasining “Al-chiroq” xizmati 2020 yil 1 oktyabr kuni soat taxminan 4:30 larda ishlamay qolgan bo`lsa-da, ushbu xizmat uchun uning hisobidan mablag` echilayotganligidan noroziligini va bu haqda kompaniyaga qilgan murojaati natija bermaganligini ma`lum qilgan.

Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida Agentlik tomonidan 2020 yil
7 oktyabrda “COSCOM” MChJga so`rov xati yuborilib, yuqoridagi murojaatda qayd etilgan harakatlar O`zbekiston Respublikasi “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunining talablariga zidligi haqida ogohlantirilgan va ko`rsatilmagan xizmat uchun echib olingan mablag`ni qaytarish so`ralgan.

“COSCOM” MChJ 2020 yil 19 oktyabrdagi javob xatida:

kontent provayder – “First IT Group” MChJ tomonidan ko`rsatilgan “Al-chiroq” xizmati haqiqatdan ham joriy yil 30 sentyabrdan 5 oktyabrgacha bo`lgan muddatda ish jarayonida uskunalardagi nosozlik tufayli ishlamay qolganligini, ko`rilgan zarur texnik ishlar natijasida 6 oktyabrdan boshlab “Al-chiroq” xizmatidan foydalanish to`liq tiklanganligini, natijada fuqaro B.I.ga foydalanilmagan xizmat kunlari uchun 420 so`m (84*5) miqdorida mablag` qaytarilganligini ma`lum qilgan.

Ko`rsatilmagan xizmat uchun echib olingan mablag` arizachiga Agentlik murojaatidan keyin qaytarilgan. Bu borada “First IT Group” MChJ Agentlikning 2020 yil 7 oktyabrdagi so`rov xatidagi ma`lumotlarni taqdim eta olmasligini bildirgan.

Agentlik o`ziga yuklatilagan vazifalarga muvofiq, iste`molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida, “COSCOM” MChJga joriy yil 30 oktyabr va 9 noyabr sanalarida takroran murojaat qilib, 2020 yil 30 sentyabrdan 5 oktyabrgacha bo`lgan vaqtda “Al-chiroq” xizmati ko`rsatilgan, hisobidan mablag` echib olingan va keyinchalik ularga mablag`lari qaytarilgan barcha abonentlar haqida batafsil ma`lumot taqdim etishni so`ragan.

Ushbu murojaatga javoban “COSCOM” MChJ 2020 yil 6 va 19 noyabrdagi xatlarida “Al-chiroq” xizmati ko`rsatilgan barcha – 337 975 nafar abonentlarga 2020 yil 30 sentyabrdan 5 oktyabrgacha bo`lgan vaqt oralig`ida ko`rsatilmagan xizmat uchun undirilgan jami 97,4 mln. so`m mablag`lar ularga joriy yil 9 oktyabrda to`liq qaytarilganligini ma`lum qilib, ro`yxatini ilova qilgan.

Agentlik veb-saytida joylashtirilgan ma`lumotnomada, ko`rsatilmagan xizmatlar uchun mablag`lar Kompaniya tomonidan mazkur masalani ko`rib chiqilishi davomida iste`molchilarga qaytarilganligi qayd etilgan. Bunda, mablag`larni qaytarilishi Agentlikning nazorat choralari natijasida ta`minlanganligi qayd etilmagan. Iste`molchilarga ko`rsatilmagan xizmat bo`yicha ma`lumotlarni berilishidan asosiy maqsad, mablag`larni qaytarilishida Agentlikning o`rnini ko`rsatish emas, balki iste`molchilarning to`liq xabardorligini ta`minlashdan iborat. O`z navbatida ushbu ko`rsatilmagan xizmat uchun undirilgan mablag`lar qaytarilmagan iste`molchilar Agentlikka murojaat qilishlari mumkin bo`ladi", deya rasmiy bildirish bergan Agentlik. 

    Boshqa yangiliklar