AsosiyJamiyat

Hokimlarning erni olib qo`yish bo`yicha vakolatlari qisqardi

'Hokimlarning erni olib qo`yish bo`yicha vakolatlari qisqardi'ning rasmi

 “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun (O`RQ-656-son, 23.12.2020 y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi. 

Qonunga muvofiq, mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan 2 ta qonun va 1 ta kodeksga o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi.

 “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan o`zgartishga ko`ra, endilikda viloyat, tuman, shahar hokimi qonunda nazarda tutilgan hollarda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, dehqon xo`jaliklari va fuqarolarga egalik qilish, foydalanish uchun va ijaraga er berishga, ushbu sub`ektlarning erga egalik qilish va undan foydalanishga bo`lgan huquqini bekor qilishga haqli ekanligi belgilandi (ilgari hokimlar bu sub`ektlarning erga egalik qilish va erdan foydalanish huquqini to`xtatib qo`yishga ham haqli bo`lgan).

 Qonun bilan Er kodeksiga ham mulkdorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta`minlashga qaratilgan bir qator o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi. Xususan, kodeksdan Vazirlar Mahkamasining, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) davlat hokimiyati organlarining er uchastkalariga bo`lgan mulk huquqini belgilangan tartibda bekor qilish hamda erlarni olib qo`yish bilan bog`liq vakolatlari chiqarildi.

Shuningdek, ushbu kodeksga kiritilgan o`zgartishga ko`ra, er uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki er uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini tugatishning sud tartibida amalga oshirilishi holatlari belgilab qo`yildi (ilgari er uchastkasiga egalik qilish yoki er uchastkasidan foydalanish huquqini tugatish barcha holatlarda hokimlarning qarorlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshirilgan).

 Qonun bilan  “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi Qonunga:

  • davlat organining mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qo`yishga qaratilmagan qarori, shu jumladan, er uchastkasini olib qo`yish to`g`risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishi mulkdorning roziligi bilan qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi;  

 

  •  Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimlarining olib qo`yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlarini buzib tashlash to`g`risidagi qarori faqat adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud bo`lganda qabul qilinishi;

 

  •  mol-mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarining qayta ko`rib chiqilishiga hamda bekor qilinishiga yo`l qo`yilmasligiga oid qoidalar kiritildi.

 

Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar