30 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Ikki mamlakat rahbarlari bir-birlarini dildan qutlab, kirib kelayotgan yangi 2021 yil munosabati bilan samimiy tabriklar almashdilar, do`st xalqlarga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etdilar.
Koronavirusning global miqyosda tarqalishi bilan bog`liq murakkab sharoitda davlatlarimiz pandemiyaga qarshi kurashish, jahon iqtisodiy va epidemiologik inqirozi oqibatlarini engib o`tishda bir-biriga har tomonlama yordamlashgani va amaliy ko`mak ko`rsatgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda O`zbekistonda Rossiya vaksinasini ishlab chiqarish bo`yicha kooperasiya imkoniyatlari faol o`rganilmoqda.
Yuzaga kelgan vaziyat va qiyinchiliklarga qaramay, barcha darajalardagi faol almashinuvlar davom ettirildi. Ikki tomonlama savdo ko`rsatkichlari sezilarli o`sishiga erishildi, sanoat kooperasiyasi bo`yicha qator yirik loyihalar va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlari yo`lga qo`yildi.
Rossiya Federasiyasi mamlakatimiz MDHga muvaffaqiyatli birinchi bor raislik qilishiga hamda O`zbekiston Respublikasiga Evroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomi berilishiga salmoqli ko`maklashdi.
Suhbat chog`ida Prezidentlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga bundan buyon ham qat`iy intilishlari va bu borada birgalikdagi sa`y-harakatlarni davom ettirishlarini tasdiqladilar.
Kelgusi yil rejasiga kiritilgan ikki va ko`p tomonlama tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko`rishga kelishib olindi.
O`zbekiston va Rossiya rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Telefon muloqoti har doimgidek samimiy, ochiq va do`stona ruhda o`tdi.






