Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi va Loyihalar boshqaruvi markazi hamkorligida O`zbekistonda Sun`iy intellekt hamjamiyati tashkil etildi. Sun`iy intellekt imkoniyatlarini muhokama qilish, loyihalar yaratish va uni rivojlantirish bo`yicha ish olib boruvchi hamjamiyatning tashabbuskori yosh startapchi Ulug`bek Ismatov bo`lib, uning fikricha, xalqaro bozorda sun`iy intellektga asoslangan texnologiyalar va loyihalarga talab kundan-kunga oshib bormoqda. Bu yo`nalishda O`zbekistonda ham loyihalar ko`p. Ushbu hamjamiyat esa yurtimizdagi ana shunday sun`iy intellektlarni turli sohalarda tatbiq etish va ularni xalqaro bozorga olib chiqishga ko`maklashishni maqsad qilgan.
Sun`iy intellekt hamjamiyatining dastlabki yig`ilishida "TASS-VISION", "AXON.COM" misolidagi loyihalar muhokama qilindi. Bundan tashqari, loyiha boshqaruvchisini tanlash jarayoni bo`lib o`tdi. Endilikda har oy ushbu hamjamiyat tomonidan sohaga doir uchrashuvlar o`tkazilib boriladi. Uchrashuvlar davomida yaratilayotgan yangi sun`iy intellekt loyihalari muhokama qilinib, o`zaro fikr va tajriba almashiniladi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va yurtimizdagi axborot texnologiyalari yo`nalishidagi tashkilotlar bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish va sun`iy intellektga asoslangan texnologiyalarni mahalliy bozorda joriy etish bo`yicha ish olib boriladi.






