Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov va bir guruh harbiy xizmatchilar Nukus shahridagi 10-sonli ko`zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati tarbiyalanuvchilarini Yangi yil bayrami arafasida tabrikladi.
Mehr va saxovat insonning ko`rki, ziynati ham. O`zbekiston va Qoraqalpog`iston zaminida bir tanu, bir jon bo`lib yashab kelayotgan turli millat va elat vakillari mehr-saxovatni azaldan qadrlab, insoniylikning eng oliy fazilati deb biladi, uni yuksak e`zozlaydi.
Jismoniy imkoniyati cheklangan va ko`rish qobiliyatida nuqsoni bor bolalar tarbiyalanayotgan ushbu maktab-internatida Nukus garnizoni harbiy xizmatchilari bilan turli mavzularda uchrashuvlar o`tkazilishi an`anaga aylangan.
Maktabi-internati 2001 yilda tashkil etilgan bo`lib, unda xozirda 140 nafar o`g`il bolalar va 100 nafar qizlar, jami 240 nafar bolalar tarbiyalanib kelmoqda. Ularning sifatli ta`lim-tarbiya olishi maqsadida hamda amaliy yordam berish uchun ta`lim muassasasida jonkuyar va fidoyi 90 nafar o`qituvchi va 72 nafar tarbiyachi faoliyat yuritadi.
Quvonchga to`la tadbir davomida qo`mondonning bolajonlarga yo`llagan bayram tabrigi, dil izhorlari, albatta, tarbiyalanuvchilarda mana shunday ko`ksi qalqondek mard va jasur akalari borligidan faxr va g`urur tuyg`usini yanada shakllantirishga xizmat qiladi.
“Vatanparvarlik oyligi” doirasida “Kim Vatanga sodiq bo`lsa, mendirman o`sha” shiori ostida o`tkazilgan bayram tadbirida harbiy san`at ustalarining bayramona konsert dasturi namoyish etildi.
Bolajonlarning eng sevimli Yangi yil bayrami qahramonlari – Qorbobo va Qorqizning kirib kelishi, tarbiyalanuvchilarning quvonchiga yanada quvonch bag`ishladi.
Ertak qahramonlari va barcha yig`ilganlarga ezgu tilaklarini, Yangi yil haqida she`rlarini ehtiros bilan aytgan bolajonlar Qorboboning bayram sovg`alari bilan siylandi.
Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy va qo`shiqlar, harbiy xizmatchilarning ko`rgazmali chiqishlari yig`ilganlarning qalbini iliq taassurotlar bilan to`ldirib, yaqinlashib kelayotgan bayram quvonchini yanada jo`sh urdirdi.






