AsosiyJamiyat

Chakana savdo qiluvchi tadbirkorlar mobil telefonlarni ro`yxatdan o`tkazishi shartmi?

'Chakana savdo qiluvchi tadbirkorlar mobil telefonlarni ro`yxatdan o`tkazishi shartmi?'ning rasmi

AOKAda o`tkazilgan brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov tomonidan Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq mobil qurilmalarni ro`yxatdan o`tkazish jarayoniga o`zgartirishlar va qo`shimchalar kiritilgani to`g`risida ma`lumot taqdim etildi. 

Shuningdek, Sherzod Ahmatoning ta`kidlashicha, respublika hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat`iy nazar, ularni ro`yxatdan o`tkazish uchun javobgar bo`ladilar.

Xorijiy davlatlarning O`zbekistonda akkreditasiyadan o`tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari mobil qurilmalari IMEI-kodlarini ro`yxatdan o`tkazish uchun Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko`rsatish byurosiga murojaat qiladi. Bunda diplomatik vakolatxonalar tomonidan mobil qurilmalar diplomatik pochta orqali olinmagan taqdirda arizaga bojxona yuk deklarasiyasi yoki bojxona kirim orderi taqdim etiladi.

Tizim operatori Diplomatik korpusga xizmat ko`rsatish byurosi bergan arizaga muvofiq IMEI-kodlarini ro`yxatdan o`tkazishni ariza olingan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida to`lov asosida amalga oshiradi.

Sud qaroriga ko`ra davlat egaligiga o`tkazilgan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro`yxatdan o`tkazish uchun davlat ijrochisi tomonidan anketa va sud qarori nusxasi tizim operatoriga taqdim etiladi.

Shunga ko`ra, tizim operatori mobil qurilmalarni ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida ro`yxatdan o`tkazadi.

Tizim operatori bilan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi o`rtasida sud qaroriga ko`ra davlat egaligiga o`tkazilgan mobil qurilmalar bo`yicha elektron axborot almashinuvi amalga oshiriladi.

Mobil qurilmalarni IMEI-kodlarini ro`yxatdan o`tkazish uchun ishlab chiqaruvchi tashkilotlar qurilma ishlab chiqarish uchun tegishli ruxsatnomalarni, shuningdek, vakolatli organlarni mahalliy ishlab chiqaruvchisi haqidagi ma`lumotlarni taqdim etishi kerak.

O`zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo`lgan chet davlat fuqarosi va O`zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega fuqaroligi bo`lmagan shaxs tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini tizim operatori yoki tizim ro`yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilish yo`li bilan ro`yxatga olinadi.

Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to`lovlari to`langandan so`ng IMEI-kodlari ro`yxatdan o`tkaziladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kurerlik jo`natmalari orqali olib kiritilgan mobil qurilmalar Tizim operatori yoki Tizim ro`yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat etish yo`li bilan, shuningdek, tizim operatorining sayti orqali, mos ravishda pochta identifikatorining shtrix kodi, kalendar shtempeli bo`lgan konvert va jo`natma oluvchining pasportini ko`rsatgan holda amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan ro`yxatga olish uchun ko`rsatilgan mobil qurilmalar olib kirilgan, shu jumladan xalqaro pochta yoki kurerlik jo`natmalari orqali keltirilgan mobil qurilmalar soni jismoniy shaxslar uchun O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona chegarasi orqali tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshmasligi lozim.

Bojsiz olib kirish me`yorlaridan ortiqcha qismi bo`yicha bojxona to`lovlari to`langanligini tasdiqlovchi bojxona kirim orderi taqdim etilishi kerak.

Jismoniy shaxslarning O`zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o`tganligi to`g`risidagi ma`lumotlar (sana, usul va boshqa) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashish orqali murojaat etilgan sana va pasport ma`lumotlarini qayd etilgan holda tekshiriladi.

Xalqaro pochta jo`natmalari ma`lumotlari tekshiruvi “O`zbekiston pochtasi” AJ, kurerlik jo`natmalari va BKO bo`yicha ma`lumotlari tekshiruvi O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi bilan elektron axborot almashinuvi orqali amalga oshiriladi.

Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to`lovlari to`langandan so`ng IMEI-kodlari ro`yxatdan o`tkaziladi. 

    Boshqa yangiliklar