“O`ztransgaz” AJning 2021 yil 4 yanvardagi №1 Faksogrammasiga asosan, "Muborakneftegaz" neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining beshta konida elektr energiyasi bilan bog`liq holat yuzaga kelishi natijasida, Muborak gazni qayta ishlash zavodidan gaz ta`minoti deyarli to`liq to`xtatiladi. Shu sababli, gaz quvurlarining janubiy tizimi orqali gaz tashishning keskin pasayishi, jumladan, Farg`ona vodiysiga keltiruvchi gaz tarmoqlari hamda magistral quvurlarida bosim pasayishi kuzatilmoqda. Shunga ko`ra, Andijon viloyati hududida vaqtinchalik gaz ta`minotida uzilishlar yuzaga kelmoqda. Bu haqda “Hududgaz Andijon” gaz ta`minoti filiali ma`muriyati ma`lum qildi.
“Hududgaz Andijon” gaz ta`minoti filiali tasarrufidagi barcha shahar va tuman gaz ta`minoti bo`limlariga magistral gaz quvurlari orqali etkazib berilayotgan tabiiy gazni birinchi navbatda aholi, ko`p qavatli uylar va ijtimoiy soha muassasalariga yo`naltirilishi, tabiiy gazga bog`liq ko`ngilsiz hodisalarni oldini olish bo`yicha ishlar tashkil etildi va kuchaytirilgan ishchi guruhlarning shayligi ta`minlandi, deyiladi xabarda.






