1

Singlisi bilan gaplashmaslikni tayinlagan akani pichoqlagan andijonlik fuqaroga sud hukmi o`qildi

Jinoyat 04.01.2021, 20:20
Singlisi bilan gaplashmaslikni tayinlagan akani pichoqlagan andijonlik fuqaroga sud hukmi o`qildi

 

Jinoyat ishlari bo`yicha Shahrixon tuman sudida singlisi bilan gaplashmaslikni tayinlagan akani pichoqlagan 18 yoshli yigitga sud hukmi o`qildi. Bu haqda «Daryo» xabar berdi.

Ma`lum bo`lishicha, sudlanuvchi Botir Sodiqov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) 2020 yil 20 iyun kuni soat 10:00 da kitobini topshirish uchun o`zi o`qiydigan maktabga borgan. Maktabdan chiqib ketayotganda o`zidan oldinda yurib borayotgan sinfdoshi Sojida Xursandbekovaning oldiga borgan. Sinfdoshlar gaplashib turganida ularning yoniga Sojidaning akasi Qobil Lacetti mashinasida kelib, Botirni singlisi bilan gaplashayotgani uchun bir necha marotaba urib, tan jarohati etkazgan.

«Shu kuni soat 14:00 da uyga kelib dam oldim. Kechki payt soat 18:00 da oshnalarim bilan futbol o`ynash maqsadida kiyimlarim solingan sumkamni olib, ‘stadion`ga keldim. ‘Stadion`da Sojidaning akasi Qobilning do`sti Ilhomni ko`rib qolib, unga vaziyatni tushuntirib, u meni urgan bo`lsa ham kechirim so`ramoqchiligimni, lekin telefoniga tusha olmayotganimni aytdim. Ilhom mendan Qobilning singlisi bilan munosabatim haqida so`radi. U qiz bilan hech qanday aloqam yo`qligini aytganimdan keyin do`stiga qo`ng`iroq qilib, qaerda ekanligini so`radi. U Andijon shahridan qaytib kelayotganini aytdi. Soat 20:00 da Qobil men tanimaydigan sherigi bilan yonimizga keldi. Ilhom do`stiga mening gapim borligini aytib, notanish bolani olib, besh-o`n metr nariga ketdi. Qobil meni to`liq eshitmasdan yana yuzimga urdi. Bundan achchiqlanib, sumkamda pichoq borligi yodimga tushdi. O`zimni himoya qilish uchun pichoqni olib, uning qorniga urdim. Pichoq sinib, uchi Qobilning qornida, dastagi qo`limda qoldi. Shundan qo`rqqanimdan dastakni erga tashlab, voqea joyidan qochdim. Men bunaqa bo`lishini xohlamagandim. Buning uchun barchadan kechirim so`rayman», — dedi sudda so`z olgan Botir Sodiqov.

Sud Botir Sodiqovni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan aybdor deb topib, unga nisbatan 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan. Shuningdek, unga Shahrixon tumani IIBning ruxsatisiz yashash joyini o`zgartirmaslik, viloyat hududidan chiqmaslik, alkogolli ichimliklar iste`mol qilmaslik kabi qo`shimcha taqiqlar yuklangan.

Sud hukmi bilan unga nisbatan qo`llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, darhol viloyat IIB 3-sonli tergov hibsxonasidan ozod qilingan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1