Havo harorati keskin tushib ketishi munosabati bilan avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shoxobchalariga 4 yanvardan boshlab kunduzgi soat 15:00 dan ertalab 5:00 gacha gaz etkazib berish to`xtatiladi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, hozirgi kunga kelib Muborak neft va gaz qazib olish boshqarmasining neft va gaz konlarida tasodifan to`xtatilgan barcha 14 ta nasos agregatlari ishga tushirildi va ish rejimida ishlamoqda.
Muammolarni bartaraf etish natijasida Muborak GESdan gaz ta`minoti to`liq tiklandi. Biroq, 4 yanvar kuni etkazib berilmagan hajmlar to`ldirilmadi, bu esa zarur gaz bosimining tiklanishiga to`sqinlik qiladi. Shuningdek, 4 va 5 yanvar kunlari haroratning pasayishi tufayli gaz iste`molida o`sish kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan respublika aholisi va "Issiqlik elektrostansiyalari" AJ korxonalarini elektr energiyasi bilan ta`minlash uchun tabiiy gaz bilan barqaror ta`minlash birinchi darajali vazifadir.
Shuning uchun bir qator zarur vaqtinchalik choralar joriy etiladi. Ulardan biri - yonilg`i quyish shoxobchalarining soat 15.00 dan 05.00 gacha ishlashini cheklash. Ushbu vaqtinchalik chora magistral gaz quvurlarida barqaror gaz bosimi ta`minlanmaguncha joriy etiladi.
Ushbu cheklovlar bir qator hududlarda mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda joriy qilingan.
Mavjud vaziyat bilan bog`liq ravishda, 4 yanvar kuni uy xo`jaliklarini elektr energiyasi va gaz bilan ta`minlashda vaqtincha uzilishlar bo`lgan alohida holatlar yuz berdi. Barcha holatlar nazorat ostida va zudlik bilan hal qilinmoqda.
Hurmatli iste`molchilar! Gaz plitalari va isitgichlarni qarovsiz qoldirmasligingizni so`raymiz, chunki gaz bosimi tiklanganda uni nazoratsiz ishlatish jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin, deyiladi xabarda.






