Surxondaryoda viloyat, shahar va tumanlarning rasmiy saytlari (jami 11 ta sayt) 6 yanvar kuni xakerlar hujumiga uchragani va hujumni Clone Security guruhi o`z zimmasiga olgani to`g`risida xabar berilgandi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ushbu holatga munosabat bildirib, xabarda qayd etilganidek AKT bo`limida ishlaydigan xodim boshqarma boshlig`i tomonidan kaltaklangani to`g`risidagi ma`lumotlarni rad etdi.
"Hozirda saytlarni asl holida ishlatish choralari ko`rilayotgan bir paytda ayrim internet nashrlarida viloyat hokimligi huzuridagi «Axborot kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi» DUKda ishlab ketgan xodimlardan birining hokimlik ishlar boshqaruvchisi tomonidan o`z ish kabinetida o`zaro kelishmovchilik sabab kaltaklangani, viloyat hududidan chiqib ketish sharti qo`yilgani, shuningdek, xodim Prezident virtual qabulxonasiga qilgan murojaati uchun rasman ishdan olingani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimligi xabarlarda keltirilayotgan mazkur holatlarni rad etib, sizlardan aholi orasida turli mish-mishlar paydo bo`lishiga, ularda salbiy fikr va ishonchsizlikni shakllantirishga olib keladigan ushbu mazmundagi yolg`on ma`lumotlarga ishonmaslikni so`raydi."
Eslatib o‘tamiz, xakerlar tomonidan saytda qoldirgan xabarda ular butun viloyat hokimligi tizimiga kirganini, viloyat hokimi «yaxshi mutaxassislarga eʼtibor qaratmasa», uning yopiq qaror va farmoyishlari tarqatib yuborilishi aytilgan.