“O`ztemiryo`lyo`lovchi” aksiyadorlik jamiyati chipta hisobiga kiritilgan qo`shimcha xizmatlar, jumladan ovqatlanish haqini chiqarib tashladi.
Bu qaror O`zbekiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo`mitasi talabiga asosan amalga oshirildi, deya xabar beradi “Gazeta.uz”.
Fuqarolarning iste`molchilar huquqini himoya qilish qo`mitasiga qilgan murojaatlari sababli “O`ztemiryo`lyo`lovchi”ga nisbatan ish qo`zg`atildi. O`tkazilgan surishtiruvlar natijasida, “O`ztemiryo`lyo`lovchi” kompaniyasiga “Sharq” va “Nasaf” poezdlarida ovqatlanish uchun sarflanadigan 5335 so`mni chipta bahosiga qo`shgan.
“O`ztemiryo`lyo`lovchi” kompaniyasi o`zining bu harakati bilan “Iste`molchilar huquqini himoya qilish to`g`risidagi” Qonunning 21-moddasi 2-qismida ko`rsatilgan qonunbuzarlikka yo`l qo`ygan, unga ko`ra bajaruvchi (sotuvchi) ko`rsatmagan xizmati uchun iste`molchidan majburiy tarzda qo`shimcha pul olishga haqli emas.
Davlat raqobatni rivojlantirish qo`mitasi vaziyatni atroflicha o`rganib, “O`ztemiryo`lyo`lovchi” kompaniyasini kelajakda bunday qonunbuzarliklarga yo`l qo`ymaslik haqida ogohlantirdi.
01.02.2016 14:59