Namangan shahrida yangi qurilgan ko`prik sinib ketgani haqida xabar bergan edik.
Viloyat hokiligining ma`lumotlarga ko`ra, ko`prik Davlatobod tumanidagi Shimoliy Farg`ona kanali ustida qurilayotgan bo`lgan. Hodisa bugun, 8 yanvar kuni soat 11:00 atrofida ro`y bergan. Buning oqibatida qurbonlar yoki jabrlanganlar bo`lmagan.
Buning uchun davlat byudjetidan mablag` sarflanmagan.
Ko`prikni qurgan tadbirkor Ma`rufxon Hojixonovning ta`kidlashicha, bu ishga yaqinda 90 yoshida qazo qilgan otasining vasiyatini amalga oshirish uchun kirishgan.
—Dadamning vasiyatlariga ko`ra “O`n bir Ahmad” ziyoratgohiga keladiganlar qiynalmasligi uchun shu ishga qo`l urgandim. Ko`prik tayyor bo`lganidan keyin shu atrofdagi avtoturargohda bir hafta 5 tonnadan oshiq yuk qo`yilgan holatda turdi, qilt etmadi. Keyin joyida sinab ko`rdik. Havo harorati pasayib, kanaldagi suv oqimi ko`paygani sababli hali ishimiz oxiriga etmagan edi, — deydi Ma`rufxon Hojixonov.
Tadbirkorning aytishicha, ko`prikning montaj ishlari to`liq yakunlanmagan, ikki tomoniga yana tros va temir o`rnatiladi.
Bularning barchasiga ikki hafta atrofida vaqt talab etiladi. Shundan so`ng ko`prik avvalgi joyiga mustahkam etib o`rnatiladi.






