O`zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish ishlari 2021 yil oxirgi choragigacha yakunlanishi mumkin. Bu haqda 2021–2023- yillarga mo`ljallangan investitsiya dasturida keltirilgan.
Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli USM Holdings Limited kompaniyasi moliyalashtirayotgan Olmazor tumanida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazining umumiy loyiha qiymati 119 million AQSh dollariga teng.
Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yili Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida bo`lib, mazkur markaz qurilish loyihasi bilan tanishib, markaz qurilishiga Alisher Usmonov ko`mak berayotganini ma`lum qilgandi.
“Vatandoshimiz Alisher Burhonovich Usmonov biz bilan hamkorlik qilib, katta madad bo`lyapti. Vatandoshimizning shunday bir katta ko`mak ko`rsatishi tarixda qolishi kerak. Bu bino o`zbek millatining tarixida qolishi kerak”, – degan edi Shavkat Mirziyoev.
Bundan tashqari, Alisher Usmonov Islom sivilizatsiyasi markaziga 8 million AQSh dollariga teng bo`lgan nodir kitoblar kolleksiyasini sovg`a qilgan.






