Ijtimoiy tarmoqlarda Yangi yil kechasi ham ayrim hududlarda chiroq yo`qligi haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, kosonliklar ham Yangi yilni elektr energiyasisiz kutib oldi.
Holat yuzasidan Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Anvar Muzapov xabarlarni tasdiklab, xalqdan uzr so`radi.
Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbarining ta`kidlashicha, nimstansiya qurilganiga 50 yil bo`lgan. Mavjud qurilmalar eskirgan. Shuningdek, mas`uliyatsiz xodimlarga chora ko`rilgan.
"Koson tumanida 2020 yil 31 dekabr kuni kech soat 21:14da tumandagi Koson nimstansiyasini «Shahar 1 federi»da bosh kabelida shikastlanish yuzaga kelgan. Natijada avariya holati yuzaga keldi. Oqibatda Koson tumani markazidagi mahallarda elektr energiyasi uzilib qoldi. Bu bor holat, buni hammamiz ko`rdik, eshitdik, bilamiz.
«Shahar 1 federi»ni bosh kabelida shikastlanish yuzaga kelgan. Shikastlanish nimadan yuzaga keldi degan savol tug`iladi. Shikastlanish o`sha «Shahar 1 federi»da yuklamaning o`ta kattaligidan.
Endi o`sha kabelni ham o`ta katta yuklama bilan ishlash vaqti bor. O`sha vaqtidan oshib ketganidan keyin u kabel shikastlanadi.
Biz 21:14da bu voqea sodir bo`lganidan keyin, zudlik bilan xodimlarni jalb qilgan holda avariyani bartaraf qilish choralarini ko`rdik. Lekin Yangi yil kechasi uni tiklay olmadik. Buni tan olamiz va Koson xalqidan uzr so`raymiz", dedi Muzapov.