AsosiyJamiyat

Toshkentda Vatan himoyachilari kuniga bag`ishlangan ommaviy yugurish musobaqasi o`tkazildi

'Toshkentda Vatan himoyachilari kuniga bag`ishlangan ommaviy yugurish musobaqasi o`tkazildi'ning rasmi

Bugun poytaxtda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Men g`olib» shiori ostida havaskorlar o`rtasida ommaviy yugurish musobaqasi tashkil etildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi. 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy Olimpiya qo`mitasi, O`zbekiston triatlon hamda engil atletika federasiyalari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda O`zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tizimiga kiruvchi tuzilmalar hamda oddiy aholi vakillaridan iborat havaskorlar jamoalari ishtirok etishdi.

Yugurish musobaqasining umumiy uzunligi 10 km masofani tashkil etib, unda qariyb 300 nafar Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi tuzilmalar xodimlari hamda havaskorlar g`oliblik uchun bahs olib borishdi.

Ommaviy yugurish musobaqasining tantanali ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi, O`zbekiston triatlon federasiyasining prezidenti Viktor Mahmudovlar qatnashdi va yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Qurolli kuchlar tizimida faoliyat olib borayotgan barcha xodimlarni muborakbod etdi. Qolaversa, bugungi musobaqa ishtirokchilariga omad tiladilar.

Musobaqada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi, Davlat xavfsizlik xizmati, «Milliy gvardiya», Ichki ishlar, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat bojxona qo`mitasi, shuningdek turli soha vakillari jamlangan havaskorlar jamoasi ishtirok etdi.

Musobaqaning erkaklar o`rtasidagi bellashuvlarida 1-o`rinni Mudofaa vazirligi xodimi Ilhom Nazarov qo`lga kiritdi. Keyingi pog`onalarni esa Timur Orlov (DXX) hamda Shaxboz Suvonqulov (IIV) band etishdi.

Ayollar o`rtasida marra chizig`ini birinchi bo`lib Ichki ishlar vazirligi xodimasi Diyora O`rozqulova kesib o`tdi. 2-o`rinni ham IIV begona qilmadi, Moxinur G`ozieva musobaqaning kumush medaliga sazovor bo`ldi. Kuchli uchlikni esa «Milliy gvardiya»chi Iroda Asilova yakunlab berdi.

Umumjamoa hisobida esa 1-o`rinni Mudofaa vazirligi jamoasi qo`lga kiritgan bo`lsa, «Milliy gvardiya»chilar ikkinchi bo`lishdi. Faxrli 3-o`rin Davlat xavfsizlik xizmati jamoasiga nasib etdi.

Ommaviy yugurish musobaqasi g`olib va sovrindorlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi, O`zbekiston triatlon federasiyasi prezidenti V.Mahmudov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari R.Ermatov, vazir o`rinbosari A.Karimov, Milliy Olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi O.Kasimov, O`zbekiston engil atletika federasiyasi prezidenti A.Abduvalievlar tomonidan qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlanishdi.

 

    Boshqa yangiliklar