O`zbekistonda suv-botqoq hududlari qariyb bir million gektarni tashkil etib, 500 dan ortiq ko`llar mavjud.
Ushbu hududlar suv-botqoq sharoitiga moslashgan o`simlik va hayvonot dunyosiga boy. Respublika hududi orqali ko`chib yuruvchi qushlarning ko`plab turlari uchun suv-botqoq hududlari qulay qo`nimgoh bo`lib xizmat qiladi. O`zbekiston Republikasi "Qizil kitobi”ga kiritilgan qushlarning 37 turining hayoti suv-botqoq hududlari bilan uzviy bog`liq. Shuning uchun ham bunday hududlarni muhofaza qilish, ularda yashash muhitlarining barqarorligini saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu ma`lumotlar bugun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlar guruhi, O`zbekiston ekologik harakati hamda O`zbekiston Qushlarni muhofaza qilish jamiyati hamkorligida mavzuga doir tashkil etilgan seminarda qayd etildi.
Shuni yana ma`lumot o`rnida ta`kidlash joizki, 1971 yil 2 fevral kuni Eronning Ramsar shahrida jahon hamjamiyati tomonidan suv-botqoqli hududlarni muhofaza qilish, bunday hududlarga keng jamoatchilikning e`tiborini jalb etish maqsadida maxsus Konvensiya qabul qilingan bo`lib, ayni paytda mazkur Konvensiyaga 168 ta davlat a`zodir. Bugungi kunda Ramsar ro`yxatiga 2200 ta suvli-botqoqli hududlar kiritilgan bo`lib, ularning umumiy maydoni 2,1 mln.km.kvadratni tashkil etadi.
O`zbekiston ham mazkur Konvensiyaga qo`shilgan bo`lib, mamlakatimiz hududidagi Dengizkul va Aydar-Arnasoy ko`llar tizimi Xalqaro ahamiyatdagi suvli-botqoq erlarning Ro`yxatiga kiritilgan. Tadbirda ta`kidlanganidek esa, ayni paytda To`dako`l ko`lini va Quyimozor suv omborini Ramsar ro`yxatiga kiritish bo`yicha vazirlik va idoralarning tegishli xulosalari olingan. Ekologik barqarorlikni saqlash, o`simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishdagi ahamiyatini hisobga olgan holda Qoraqalpog`iston Respublikasidagi Sudoche, Qashqadaryo viloyatidagi Achiqko`l kabi qator ko`llarni ham Ramsar ro`yxatiga kiritish buyicha ishlar olib borilmoqda.