Joriy yilning 12 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zLiDeP fraksiyasining videokonferens aloqa tarzidagi navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda dastlab “Yo`l harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun ma`muriy jazolar engillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko`rib chiqildi.
–Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida fuqarolar, jamoatchilik vakillari, avtoulov haydovchilari bilan muloqotlar o`tkazildi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zLiDeP fraksiyasi a`zosi F.Samadov. – O`rganishlar davomida sohada echimini kutayotgan bir qator masalalar borligi ma`lum bo`ldi. Xususan, kodeksdagi yo`l harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim huquqbuzarliklarga nisbatan jarima miqdorini eng kam va eng ko`p miqdorini belgilash davomida ya`ni, huquqbuzarlikni tasniflashda amaliyotda korrupsion holatlarini kelib chiqishiga imkon yaratuvchi mavhum normalar aniqlandi.
O`tkazilgan tahlillar natijasida hamda keng jamoatchilikning fikr-mulohazalarida, haydovchilar tomonidan to`xtash yoki to`xtab turish qoidalarining buzilishi, aksariyat hollarda avtotransport egasi o`z boshqaruvidagi transport vositasini to`xtatishga majbur bo`lgan joylarda transport vositalarini vaqtincha to`xtashi uchun shart-sharoitlar yaratilmaganidan va bunday joylarda taqiqlovchi belgilar mavjudligidan sodir etilayotgani ayon bo`ldi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasiga ko`ra,“Ma`muriy javobgarlik to`g`risida”gi kodeksning bir qator moddalariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, kodeksning 54, 123, 141, 147-moddalarida nazarda tutilgan “eng kam” va “eng ko`p” miqdorda belgilangan jarimalarning eng kam darajasi saqlanib, eng ko`p darajasi chiqarib tashlanyapti.
Shuningdek, kodeksning 1286-moddada belgilangan Transport vositalari haydovchilarining to`xtash yoki to`xtab turish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori kamaytirilib, takroran sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima qo`llash normalari chiqarilmoqda.
Xalq noiblari ushbu hujjatning qabul qilinishi kelgusida yo`l transport sohasidagi qoidabuzarlik uchun jarimalar belgilashda korrupsion holatlar sodir etilishini oldini olishga xizmat qilishini aytib, qonun loyihasini ma`qulladilar.






