Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Aytishlaricha, Toshkentdagi 168-maktabda ro`molli qizlar maktabga kiritilmabdi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan poytaxtimizning Chilonzor tumani xalq ta`limi bo`limi maxsus ishchi guruhi o`rganish olib bordi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar XTB.
"Xabaringiz bor, 11 yanvardan barcha umumta`lim maktablarida III chorak darslari boshlandi. Jumladan, 168-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabida ham o`quvchilar to`liq karantin qoidalariga amal qilgan holda nazorat ostida ta`lim jarayonida ishtirok etishmoqda. O`rganishlardan so`ng, ma`lum bo`ldiki, dastlabki dars kunida o`nga yaqin o`quvchi qiz maktabga ro`molda o`qishga kelgan. Qizlar va ularning ota-onalariga maktab ma`muriyati tomonidan ko`cha-ko`yda farzandlari ro`molda yurishlari mumkinligi, ammo dars chog`ida to`liq kiyinish tartib-qoidalariga amal qilishlari lozimligi tushuntirilgan. Biroq, ijtimoiy tarmoqda qayd etilganidek, ro`molli qizlarning darslarga qo`yilmaganligi haqidagi ma`lumot o`z isbotini topmadi.
Hurmatli ota-onalar!
Avval xabar qilganimizdek, uydirma va bo`hton xabarlar tarqatishdan ko`ra, aniq dalillarga tayangan holda ma`lumot bersangiz ayni muddao bo`lardi. Rostdan ham shunday holatning guvohi bo`lgan bo`lsangiz nega cho`chiysiz?! Sizning farzandingiz qaysi sinfda o`qiydi, ismi-sharifi kim? Qachon maktabga kiritilmadi? Qolaversa, chop etilgan xabarda maktab direktori shaxsiyatiga tegishingizni qanday oqlash mumkin?!
Eslatib o`tamiz, umumta`lim muassasalarida Sizni tashvishlantirayotgan biror holatga duch kelsangiz bemalol Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasiga murojaat qilishingiz mumkin.
Mabodo ismi-sharifingizni oshkor etishni istamasangiz, marhamat Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qilishingizni so`raymiz.
Murojaat uchun telefonlar — 71 2370801, 71 2370893", - deyiladi Toshkent shahar XTBB Matbuot xizmati xabarida.






