Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 14 yanvar kuni yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston hududida joylashgan “Bahri tojik” (Qayroqqum) suv ombori yorilishi natijasida suv toshqini sodir bo`lganligi to`g`risida yolg`on xabarlar tarqaldi.
Makur xabarlar yuzasidan O`zbekiston Suv xo`jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
“Bahri tojik” suv omboridagi gidroelektr stansiyasi direktori Fayzulla Azizovning ma`lum qilishicha, suv omborida hech qanday muammo yo`q, barcha inshootlar texnik soz holatda. Gidroelektr stansiyasidagi agregatlar odatdagi tartibda ishlab turibdi. Barcha inshootlarning xavfsizligi nazoratga olingan. Suv ombori atrofidagi hududlarda yashovchi aholi sarosimaga tushib, xavfsiz hududlarga ko`chib o`tayotgani haqidagi xabarlar ham asossiz.
Bugungi kunda Qayroqqum suv omborining suv hajmi 3 mlrd. 443 mln. m³ bo`lib, suv omboriga suvning kirishi 892 m³/sek., suvning chiqishi esa 880 m³ /sek.ni tashkil etmoqda. Suv omborida oxirgi o`n kunlik davomida suv to`plash va suv chiqarishda hech qanday keskin o`zgarish kuzatilmagan.
O`zbekiston Respublikasi Suv xo`jaligi vazirligida kechayu-kunduz faoliyat yuritadigan navbatchilik tashkil qilingan hamda dispetcherlik xizmati doimiy ishlab turibdi. Shuningdek, respublikamizdagi barcha yirik suv inshootlarining xavfsiz ishlashi yana bir bor nazoratdan o`tkazildi.
“Bahri tojik” suv omborining suv hajmi o`zgarishi bo`yicha qo`shni Tojikiston Respublikasi suv xo`jaligi organlari, O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda “O`zgidromet” markazi bilan muntazam aloqalar o`rnatilgan bo`lib, suv omborining ishlash rejimi bo`yicha har soatlik monitoring yuritib borilmoqda.
Suv xo`jaligi vazirligi fuqarolarni bu kabi yolg`on mish-mishlarga ishonmaslikka va xotirjamlikka chaqiradi.
Eslatib o`tamiz, “Bahri tojik” suv ombori suvidan O`zbekistonning Toshkent viloyati Bekobod tumani, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda qo`shni Qozog`iston Respublikasining ekin maydonlarini sug`orishda foydalaniladi", deyilgan Suv xo`jaligi vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston FVV ushbu xabar yolg`on va hech qanday asosga ega emasligini ma`lum qildi.
Mavzuga doir: