Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi Moliya departamenti direktori Ilhom Sirojev AOKAdagi matbuot anjumanida ma`lum qildi.
«Xalq ta`limi vazirligi tomonidan har yili maktablarning tahlili, reytingi, maktablarni toifaga ajratish ma`lumotlari tayyorlanadi.
Maktablar 4 toifaga ajratilgan: to`q qizil rangdagi maktablar — bitiruvchilari OTMga umuman kirmagan maktablar, qizil rangdagilari 10%ga kirgan, sariq va yashil rangdagilar ko`proq ijobiy natijalarga erishgan ta`lim muassasi hisoblanadi.
Tahlil natijalari bitiruvchilarning OTMga kirish ko`rsatkichlari, shuningdek, vazirlik tomonidan o`tkaziladigan xodimlarning sifat tarkibidan kelib chiqilgan. To`q qizil maktablar, ya`ni ta`lim sifati o`ta past bo`lgan ta`lim muassasalarining aksariyati asosan chekka hududlarga to`g`ri kelmoqda.
️Joriy yil 1 martdan boshlab kompensasiyalardan tashqari, vazirlik tomonidan ta`lim darajasi yuqori bo`lmagan maktablarga jalb qilingan oliy toifali o`qituvchilar uchun maxsus ustamalar joriy qilinadi.
Ushbu ustamalar miqdori bir viloyatda bir tumandan boshqa tumanga jalb qilinganda bazaviy tarif stavkasining 50% miqdorida, viloyatdan boshqa viloyatga jalb qilinadigan o`qituvchi pedagoglarga har oy bazaviy tarif stavkasining 100% ustama haqi belgilanadi.
1 fevraldan boshlab oliy toifali o`qituvchining bazaviy tarif stavkasi 2 mln 881 ming so`mga tenglashadi. Agar belgilangan ustama haqlari ko`shilganda, boshqa viloyatga jalb qilingan oliy toifali o`qituvchining bazaviy tarif stavkasi 5,7 mln so`mga tenglashadi.
Olis hududga borib ishlash uchun oliy va 1-toifadagi o`qituvchilar boshqa hududda kamida 1 yil ish stajiga ega bo`lishi kerak. Jalb qilingan ushbu o`qituvchi-pedagoglar maktablarni «to`q qizil» va «qizil» rangdan «sariq» rang chegarasiga olib chiqib, natijaga erishganda yana bir yil maxsus ustama to`lanishi saqlanib qolinadi», - dedi departamenti direktori.






