AsosiyJamiyat

O`zbekiston Haj delegasiyasi Saudiya Arabistoniga jo`nab ketdi

Joriy yil 3 fevral kuni O`zbekiston Respublikasining Haj delegasiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligi (SAP)ga jo`nab ketdi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Delegasiya a`zolari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi Ortiqbek Yusupov va O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari bir hafta davom etadigan safar davomida SAPda Haj vaziri Bandar Hajjor bilan uchrashishi, muborak “Haj - 2016” mavsumini tashkil etishga taalluqli tashkiliy masalalarni kelishib olishi rejalashtirilgan. Delegasiya a`zolari shuningdek, bu yilgi Haj mavsumida hojilarga xizmat ko`rsatuvchi Umumiy Bosh Muassasa, Transport Uyushmasi, Haj vazirligining Makkai mukarrama va Madinai munavvara filiallari rahbarlari bilan ham uchrashadi. Safar davomida SAPlik martabali mas`ullar bilan muborak Haj safarini ko`ngilli o`tkazishga taalluqli masalalarni muvofiqlashtirib olinadi. 

Delegasiya a`zolariga shuningdek, O`zbekiston musulmonlari idorasi matbuot kotibi J. Nuriddinov va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti xalqaro aloqalar bo`limi mudiri H. Hasanov hamrohlik qiladi.

    Boshqa yangiliklar