Qoraqalpog`iston Respublikasining Chimboy tumaniga yaqinda rahbarlik vazifasiga tayinlangan Aybek Tajetdinov uchun «Equinox» xizmat avtomobilini xarid qilish bekor qilingan deya xabar bermoqda Kun.uz nashri.
Avvalroq Chimboy tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Aybek Tajetdinov xizmatda foydalanish uchun «Equinox» avtomobilini xarid qilayotgani haqida xabar berilgandi.
Kun.uz | Qoraqalpog`iston Telegram-kanalida «Chimboydagi o`quvchilar 8 km uzoqlikdagi maktabga eshakda borishmoqda» sarlavhasi ostidagi postdan keyin ijtimoiy tarmoqda turli bahs-munozaralar paydo bo`ldi. Jumladan, Troll.uz blogida «Chimboy tumanida o`quvchilar eshak minib maktabga qatnamoqda. Shu tumanga hokim bo`lgan Aybek Tajetdinov hokim bo`lganidan 1 oy o`tib EQUINOX xarid qilgan», – deb yozildi.
«Avtomashina xaridi uchun pul ham o`tkazilmagan. Hokim hozirda o`zining avvalgi Captiva'sida yuribdi», – degan hokimning matbuot kotibi Nargiza Toliboeva.
Ma`lumot o`rnida, ilgari Vazirlar Kengashi raisining birinchi o`rinbosari lavozimida, hozir esa Chimboy tumani hokimi bo`lgan Aybek Tajetdinov «UzAuto Motors» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan EQUINOX rusumli mashinani 349 mln so`mga sotib olish bo`yicha shartnomani 2020 yilning 21 dekabr kuni imzolagan edi.
Shartnoma muddati 10 kun qilib ko`rsatilgan. Ammo Chimboy tumani hokimligi bosh hisobchisi Zaxaratdin Jiemuratovning Kun.uz muxbiriga aytishicha, shartnoma to`liq bekor qilingan. Shartnomada ko`rsatilgan pul ham o`tkazilmagan.






