Maktablarda reydlar o`tkazilganda o`quvchilarning cho`ntaklarida «UzBAT» MChJ qo`shma korxonasida ishlab chiqarilgan «LYFT» markali, Hindistonda tayyorlangan «COOL LIP» nikotinli "snyus"lar topilgan.
Bu haqda deputat Rasul Kusherbaev Toshkent shahar IIB ma`lumotiga tayanib xabar berdi.
Bunda o`qituvchilar ba`zi bir o`quvchilarning darsda o`zini g`alati tutishlarini: befarqlik, o`zlashtirishi pastligini qayd etadilar. Keyinchalik bunday xulq-atvor bu o`quvchilarning nikotinli "snyus" iste`mol qilishi bilan bog`liqligi aniqlangan.
O`sha, shirinlik shaklida, yoqimli hid va ta`m beradigan vanil, shokolad, mentol ta`mli nikotinli mahsulotlar (nikotinli "snyus") bugun yoshlar orasida ommalashib borayotganligi haqida aytadi deputat.
" Yoshlar ko`p boradigan chakana savdo do`konlarida tamakili va nikotinli mahsulotlarni reklama qilish va sotuvlarini rag`batlantirish, mahsulotni shirinliklar, qandolat mahsulotlari va salqin ichimliklarga yaqin joylashtirish, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur shaxslar va etakchilar tomonidan reklama qilinishi, o`yinlar va tanlovlar o`tkazilishi – bularning barchasi tamaki ishlab chiqaruvchilarning savdoga yoshlarni jalb qilishga qaratilgan ayyorona marketing usullaridir. Bu usullarni bizdagi mavjud qonunlar cheklay oladimi?
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining Tamakiga qarshi kurashish bo`yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurovning ma`lumot berishicha, nikotinli "snyus", bu – yoshlar uchun yangi giyohvand modda.
«Ishlab chiqaruvchilarning ma`lumotlariga ko`ra, nikotinli "snyus" nikotin va sellyuloza aralashmasi asosida, stabilizatorlar, ta`mni shirin qiluvchilar, aromatizatorlar, konservantlar va boshqa qo`shimchalarni qo`shgan holda tayyorlanadi.
Iste`molchilar (ayniqsa o`smirlar), agar ushbu aralashmalar tarkibida tamaki bo`lmasa, uning zarari ham yo`q, shuningdek, ular chekishni tashlayotganda nikotinga qaramlikni engishda yordam beradi, deb ham hisoblaydilar. Ammo bunday emas!
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, organizmga ushbu moddalarning ta`siri uning tarkibidagi kuchli narkotik ta`sirga ega bo`lgan va o`ziga qaramlikni keltirib chiqaradigan nikotin bilan bog`liq.
Bu xavfni geroin, kokainga qaramlik rivojlanishi xavfiga tenglashtirish mumkin, u alkogol va kannabis xavfidan yuqori», deydi Shuhrat Shukurov.
Yana bir hushyorlikka chorlaydigan masala qarshisida turibmiz. Bu muammoni echishda zudlik bilan qonunchilikni takomillashtirish zarurligi ko`rinmoqda. Aks holda kimlarningdir lobbizmi, deb ancha kech qolamiz va oqibati uchun yoshlar bilan javob beramiz", deydi xalq vakili.