Bu haqda Qo`qon universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafoqulov «Yangi O`zbekiston» muxbiriga bergan intervyusida aytib o`tdi.
— Murojaatnomada belgilangan vazifalarni, xususan, aniq fanlarni rivojlantirishga oid takliflarni amaliyotga keng tatbiq etish, iqtidorlilarni qo`llab-quvvatlash maqsadida universitetimizda respublika umumta`lim maktab o`quvchilari o`rtasida matematika fanidan «Qo`qon olimpiadasi»ni uyushtirmoqchimiz, — dedi rektor. — Bu borada «Qorako`l ziyo» nodavlat ta`lim muassasasi bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni belgilab oldik.Yana shuni aytish joizki, universitetimizda o`tkaziladigan «Qo`qon olimpiadasi» yosh matematiklarni aniqlash va ularning yuksak parvoziga zamin yaratuvchi o`ziga xos pillapoya vazifasini o`taydi, desak, mubolag`a bo`lmaydi. Shunday ekan, uni o`quvchilar intiqib kutadigan aqliy bellashuvlardan biriga aylantirish uchun barcha chorani ko`ramiz. Bunga imkoniyatlarimiz etarli.
«Qo`qon olimpiadasi» umumta`lim maktablarining 5, 6, 7, 8, 9 va 10, 11-sinflari, akademik liseylarning 1, 2-bosqich o`quvchilari o`rtasida o`tkazilishi ko`zda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga qarashli ta`lim muassasalari, nodavlat o`quv dargohlarining 5 — 11-sinf o`quvchilari ham qatnashishlari mumkin.
Olimpiada ikki bosqichda tashkil etilib, hududiy bosqich viloyatlar kesimida joriy yilning 14 fevral kuni Davlat test markazi tomonidan maxsus tuzilgan testlar asosida amalga oshiriladi.
Bunda o`quvchilar ixtiyoriy ravishda qatnashadi. Ishtirokchilar www.olimpiada.kokanduni.uz sayti orqali 10 fevralga qadar onlayn tarzda ro`yxatdan o`tishlari lozim bo`ladi.
Respublika bosqichi esa Qo`qon universitetida shu yilning 13-14 mart kunlari o`tkaziladi. Yakunlovchi bosqichda Davlat test markazi javoblari asosida har bir hududdan eng yuqori ball to`plagan 5 nafar o`quvchi-nomzod tanlab olinadi.
Olimpiada g`oliblarini munosib mukofotlash maqsadda birinchi guruh (5, 6, 7-sinflar) o`quvchi-talabgorlari o`rtasida birinchi o`rinni qo`lga kiritgan nomzodga «Neksiya» avtomobili, ikkinchi guruh (8, 9-sinflar) o`rtasida birinchilikni egallaganga ham «Neksiya», uchinchi guruhda (10, 11-sinflar, akademik liseyning 1, 2-bosqich) birinchilik uchun esa «Kobalt» avtomobili sovg`a qilinadi.
Barcha guruh bo`yicha birinchi o`ntalik ro`yxatidan joy olgan nomzodlarga Qo`qon universitetida grant asosida o`qishga qabul qilish «Investision vaucher»i taqdim etiladi. «Qorako`l ziyo» nodavlat o`quv muassasasi tomonidan esa guruhlar bo`yicha 1, 2, 3-o`rinni qo`lga kiritgan o`quvchi-nomzodlarga matematika hamda boshqa fanlardan qo`shimcha bilim olish huquqini beruvchi bir yillik bepul o`qish bonusi ham taqdim etiladi. Quyi sinf o`quvchilari g`oliblikni qo`lga kiritsa, ular ilm-fanga yo`naltirilib, tizimli ravishda universitetga tayyorlab boriladi.






