Andijonda 8 yanvarda bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ma`lum qildi.
8 yanvar kuni soat 2:00 larda ikki nafar noma`lum shaxslar yuzlariga niqob kiyib olgan holda Qo`rg`ontepa tuman Nurli yog`du MFY da yashovchi 60 yoshli Saxodat Aning yashash xonadoniga kirish eshigi oynasini sindirib, g`ayriqonuniy ravishda kirib, pichoq bilan xonadon egasiga hujum qilib, unga hayot yoki sog`lig`i uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatib, qo`l va oyoqlari hamda og`zini skoch yordamida bog`lab, quloqlaridagi 1 juft narxi 700.000 so`mlik sirg`asini, qo`lidagi 1 dona narxi 300.000 so`mlik uzugini talon-toroj qilib, hodisa joyidan noma`lum tomonga yashiringanlar.
Mazkur holat yuzasidan Qo`rg`ontepa tumani IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan noma`lum shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni 26 yoshli Umidjon M. xamda 38 yoshli Maqsadjon A.,lar sodir etganligi aniqlanib, jinoyatchilarni birining yashash uyi tintuv qilinganda, jabrlanuvchiga tegishli bo`lgan 1 juft ayollar sirg`asi, 1 juft qo`lqop ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda jinoyat ishi bo`yicha Umidjon M. va Maqsadjon A.,lar gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib prosessual tartibda ushlanganlar.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.