Ijtimoiy tarmoqlarda Jur`at Tadjievning “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ direktori M.Bazarmbetovga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha videomurojaati e`lon qilindi. Bosh prokuratura mazkur holatga munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, 2020 yil 24 dekabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti viloyati boshqarmasi tomonidan Xorazm viloyat “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bosh direktori Bazarmbetov Muratbay Allambergenovich va boshqalarga nisbatan JKning 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Mazkur jinoyat ishini qo`zg`atilishiga, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bosh direktori M.Bazarimbetov Tuproqqal`a tumani hududida yangidan tashkil qilinayotgan “Best Azia Metan” MChJga o`rnatiladigan 630 kVt.lik transformator punktini 6-10 kVt.lik elektr liniyasiga yaqin tayanchdan 6500 kVt.ga ulab berishda amaliy yordam berishi evaziga 15000 AQSh dollarini o`z xizmat xonasida tamagirlik yo`li bilan pora tariqasida olganligi asos bo`lgan.
Hozirda ushbu jinoyat ishining dastlabki tergov harakatlari Xorazm viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo`limi tomonidan olib borilmoqda.
Jinoyat ishi bo`yicha, M.Bazarmbetovga nisbatan 25.12.2020 yilda JKning 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e`lon qilingan.
Shuningdek, Jinoyat ishlari bo`yicha Urganch shahar sudining 25.12.2020 yildagi ajrimiga asosan M.Bazarmbetovga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Shu sababli, M.Bazarmbetov hozirda Xorazm viloyat IIB 11-sonli tergov hibsxonasida saqlanmoqda, deyiladi taqdim etilgan ma`lumotda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq, Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ bosh direktori Murodboy Bazarimbetov pora olganlikda gumonlanib, qo`lga olingan. U tadbirkordan gaz stansiyasini elektr tarmog`iga ulash uchun 20 ming dollar so`ragani aytilgan.






